«Barselona» bo‘lajak teleradioeshittirish huquqlaridan tushadigan daromadlar evaziga 210 million yevro miqdorida kredit olib, o‘z moliyaviy resurslarini kengaytirdi. Bu haqda Mundo Deportivo xabar bermoqda.

Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, klub 105 million yevroni joriy yilning iyul oyida, qolgan 105 millionni esa noyabr oyida oladi. «Barselona» ta’kidlashicha, bu mablag‘ transfer bozorida yanada ishonchliroq ishlashga, shuningdek, ish haqini to‘lash bo‘yicha majburiyatlarni bajarishga imkon beradi.

Mablag‘ jalb qilish zarurati Espai Barça loyihasini amalga oshirishdagi kechikishlar bilan bog‘liq. Muddatlar surilgani sababli, rejalashtirilgan daromadlarning bir qismi, jumladan, yangilangan stadiondagi VIP-hududlardan tushumlar hali kela boshlagani yo‘q, biroq loyiha bilan bog‘liq to‘lovlar allaqachon amalga oshirilmoqda.

Xalqaro Morningstar DBRS agentligi «Barselona»ning kredit reytingini BBB darajasida tasdiqladi, ammo qarz yukining ortishi kutilayotgani sababli prognoz reytingini «ijobiy»dan «barqaror»ga o‘zgartirdi.

Manba: Stadion.uz