“Barselona”ning sobiq bosh murabbiyi Xavi Ispaniya terma jamoasi va kataloniyaliklar hujumchisi Lamin Yamalni Lionel Messi bilan taqqoslashlar haqida fikr bildirdi.
"Messi bilan taqqoslashlar muqarrar. Axir u ham Leodek o‘ng qanotda harakat qiladi, chap oyoqda o‘ynaydi, markazga siljiydi, hujumni tashkil etadi va hal qiluvchi uzatmalar bera oladi. Bu jihatlarda ular o‘xshash.
Ammo mening fikrimcha, biz Yamalga yaxshilik qilmayapmiz. Uni tarixdagi eng buyuk futbolchi bilan bir qatorga qo‘yish faqat bosimni oshiradi.
Shunga qaramay, nazarimda, Lamin bunga unchalik e’tibor bermaydi. U shunchaki to‘p bilan o‘ynashni va futboldan zavq olishni istaydi.
Messi, albatta, uning uchun katta namuna. Eng qadrli tomoni shundaki, Leoning o‘zi ham Laminda o‘ziga xos jihatlarni ko‘rgan. Hatto bir intervyusida uni o‘zining munosib davomchisi sifatida tilga olgandi. Tasavvur qiling, bunday e’tirofni eshitgan futbolchi nimalarni his qiladi.
Shu bilan birga, ular aslida bir-biridan farq qiladi. Lamin ko‘proq driblingga tayanadigan futbolchi, Messi esa darvozaga tik borardi. Menimcha, ularni o‘yin uslubidan ko‘ra xarakteri birlashtiradi. Ikkisi ham o‘ziga qat’iy ishonadi va aynan shu ishonch ularni boshqalardan ajratib turadi.
Lamin o‘zining boshqalardan farq qilishini anglaydi. Buni maydondagi harakatlari va muomalasidan ham sezish mumkin. Messi ham yoshligida o‘zining o‘zgacha futbolchi ekanini bilardi. Ikkalasi ham o‘yin ritmini his qila oladi va uchrashuv taqdirini o‘zgartirish qobiliyatiga ega.
Lamin Pau Kubarsi, Mark Bernal, Alexandro Balde va Gavi bilan birga ulg‘aygan. Ularning barchasi uning alohida iste’dod egasi ekanini yaxshi biladi. Bu esa jamoa uchun juda muhim", — dedi Xavi.
Manba: Stadion.uz
Fikrlar 0