Ko‘pchilikda bir savol tug‘ilgan edi: oddiy ishchi oilasida tug‘ilgan, futbol olamida hech qanday aloqasi bo‘lmagan besh oylik Lamin Yamal qanday qilib Lionel Messi ishtirok etgan fotosessiyaga tushib qolgan?

Javob juda oddiy — bu mutlaqo tasodif edi.

2007 yil oxirida Ispaniyaning Sport nashri va UNICEF hamkorlikda «Barselona» futbolchilari hamda chaqaloqlar ishtirokida xayriya taqvimini tayyorlashga kirishadi. Yamalning ota-onasi uni tanlov uchun ro‘yxatdan o‘tkazadi va Lamin tasodifiy tanlab olingan bolalar qatoriga kiradi.

O‘sha paytda 20 yosh bo‘lgan Lionel Messi ham mazkur fotosessiyada ishtirok etadi.

Suratga olish ishlari «Kamp Nou» stadionida bo‘lib o‘tadi. Fotosuratchi Joan Monfort Messining kichik Laminni mehr bilan qo‘lida ushlab, uni cho‘miltirayotgan lahzalarini kadrga muhrlaydi.

O‘sha kuni hech kim bu chaqaloq yillar o‘tib «Barselona» safiga qo‘shilishi, afsonaviy 10-raqamli futbolkani kiyishi va jahon futbolining eng yorqin yulduzlaridan biriga aylanishini tasavvur ham qilmagan.

Bu fotosuratlar uzoq yillar davomida deyarli e’tibordan chetda qoldi. Faqat Lamin Yamalning yulduzli faoliyati boshlanganidan keyin ular yana keng jamoatchilik e’tiboriga tushdi.

Oradan qariyb yigirma yil o‘tib, o‘sha nomsiz chaqaloq va uni qo‘lida ko‘tarib turgan yosh futbolchi endi JCH–2026 finalida Ispaniya va Argentina terma jamoalari sardorlaridan biri sifatida bir-biriga qarshi maydonga tushishi mumkin.

Hech qanday tanish-bilish ham, maxsus aloqalar ham bo‘lmagan. Faqat oddiy tanlov, xayriya fotosessiyasi va keyinchalik taqdirdek tuyuladigan ajoyib tasodif.

Manba: Stadion.uz