«Barselona» prezidenti Joan Laporta 2026 yilgi jahon chempionati finali oldidan klub va uning «La Masiya» akademiyasining jahon futboliga ko‘rsatgan ta’siri haqida fikr bildirdi. Finalda Ispaniya terma jamoasi Argentinaga qarshi maydonga tushadi. Ispaniya termasi tarkibidan kataloniyaliklar klubining sakkiz nafar futbolchisi o‘rin olgan bo‘lsa, Argentina terma jamoasi sardori Lionel Messi «Barselona» tizimida 21 yil faoliyat yuritgan.

«Barselona» prezidenti va muxlisi sifatida jamoamizning sakkiz nafar futbolchisi bugun jahon chempioni bo‘lish imkoniyatiga ega ekanidan juda faxrlanaman. Shuningdek, “La Masiya” futbol olamida misli ko‘rilmagan muvaffaqiyat tarixi ekanini ham alohida ta’kidlash kerak. Aynan shu yerda “Barselona” va jahon futbolining buguni hamda kelajagini eng yaxshi ifodalaydigan futbolchi Lamin Yamal shakllangan. Shuningdek, 20 yildan ortiq vaqt avval aynan “La Masiya”da barcha davrlarning eng yaxshi futbolchisi Leo Messi yetishib chiqqan.

Ularning o‘zaro futbol to‘qnashuvini kuzatish quvonch bag‘ishlaydi. Bu “Barsa” amal qilib kelayotgan o‘yin falsafasining shubhasiz tasdig‘idir. Ular bugun finalda to‘qnash keladi va bu final “La Masiya” hamda “Barsa”ning futbolga qo‘shgan barcha hissasiga bildirilgan ehtirom hisoblanadi», — dedi Laporta.

2026 yilgi jahon chempionati finali bugun, 19 iyul kuni AQSHning Ist-Raterford shahridagi «MetLayf» stadionida bo‘lib o‘tadi. Uchrashuv Toshkent vaqti bilan soat 00:00 da start oladi.

Manba: Stadion.uz