«Barselona»ning sobiq himoyachisi Dani Alves Kataloniya klubiga qaraganda «Sevilya»da ko‘proq charchaganini so‘zlab berdi.

«Sevilya»dan «Barselona»ga o‘tganimda menga o‘rgatishgan: har kimning o‘z mas’uliyat hududi bor, sen o‘z maydonchangni himoya qilishing va undan tashqariga chiqmasliging kerak, chunki qolganlar ham o‘z ishini bajaryapti. Shu sababli men «Sevilya»dagiga qaraganda ancha kamroq mehnat qilishimga to‘g‘ri kelardi, natija esa juda yuqori bo‘lardi. Hatto terlamasdim ham. Maydondan chiqib: «Bugun umuman futbol o‘ynadikmi o‘zi?» deb o‘ylab qolardim. Vaholanki, biz 5:0 hisobida g‘alaba qozongan bo‘lardik.

Bitta detalni aytib beray. Odatda, agar futbolchilar yakshanba kuni o‘ynashsa, do‘shanba kuni mashg‘ulot o‘tkazishmaydi. Ular dam olishadi, massajga borishadi va tiklanish muolajalaridan o‘tishadi. Men esa mashg‘ulot o‘tkazardim, chunki bu men uchun dam olish edi. Pep: «Bu yigit biroz jinniroq», derdi, ammo buni qabul qilardi. Men esa: «Yakshanba kuni deyarli hech narsa qilmadim, demak, dushanba kuni loaqal biror narsa qilishim kerak», deb javob berardim. Va maydonga tushmagan o‘yinchilar bilan birga shug‘ullanardim.

Pep bizga shuni o‘rgatgan: sening o‘z ish hududing va vazifang yetarli. Boshqaning ishini qilishga urinma», — dedi Alves Cash Luna’ga bergan intervyusida.

Manba: Stadion.uz