Ukraina futbol assosiasiyasi (UAF) sobiq prezidenti Andrey Pavelko Bratislavada qo‘lga olindi. Ukraina Bosh prokuraturasi uni ekstradisiya qilish jarayonini boshladi, bu haqda Ukraina bosh prokurori Ruslan Kravchenko o‘z Telegram-kanalida ma’lum qildi.

"U yillar davomida Ukraina odil sudlovidan yashirinib kelayotgan edi. Bosh prokuratura ofisi allaqachon ekstradisiya jarayonini boshladi. Men Slovakiyaning vakolatli organlariga ushbu shaxsni topshirish bo‘yicha so‘rov yuborish niyati, shuningdek, vaqtinchalik hibsga olishni qo‘llash haqida xat yubordim", — deb yozdi Kravchenko.

Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, Pavelko o‘ziga bo‘ysunuvchi tijorat tuzilmalari orqali UAFning yirik miqdordagi pul mablag‘larini olib chiqib ketish sxemasini tashkil etgan. Buning uchun faqat qog‘ozda mavjud bo‘lgan dengiz mahsulotlari, elit choy va qahva navlari hamda elektr jihozlarini yetkazib berish bo‘yicha soxta shartnomalar tuzilgan. Pullar olib chiqib ketilgan, UAF va uning hududiy markazlari esa ko‘p millionlik zarar ko‘rgan.

Pavelko UAFga 2015 yilning martidan 2024 yilning yanvar oyiga qadar rahbarlik qilgan. 2022 yilning noyabridan beri u futbol maydonlari uchun sun’iy qoplama ishlab chiqarish zavod qurilishidagi mablag‘larni o‘zlashtirish bo‘yicha jinoyat ishida ayblanuvchi sifatida qatnashmoqda.

2023 yilning iyunidan 2024 yilning fevraliga qadar Pavelko hibsda saqlangan, shundan so‘ng tergov hibsxonasidan chiqib, Ukrainani tark etgan. 2025 yilning dekabr oyida Ukraina IIV uni qidiruvga bergan edi.

Manba: Stadion.uz