«Arsenal» Madridning «Atletiko» klubi hujumchisi Xulian Alvaresning transferi bo‘yicha taklif tayyorlamoqda. Bu haqda The Times nashriga tayanib Sport.es xabar beradi.

Manba ma’lumotiga ko‘ra, «kanonirlar»ning rejasi shundan iboratki, futbolchining «Barselona»ga o‘tish fikridan qaytishini kutish va shundan so‘ng hujumchiga ham, «Atletiko»ga ham ma’qul keladigan o‘z shartlarini taklif qilishdir. Ta’kidlanishicha, «Arsenal» shartnomani avgust oyidayoq qisqa muddatda yakunlash uchun «Atletiko» uning «Barselona»ga o‘tishini blokirovka qilishda davom etishidan umidvor. Hamma narsa argentinalik futbolchining qaroriga bog‘liq bo‘ladi.

Avvalroq Alvares Ispaniyada qolishga qarshi emas edi, bu yerda uning vaziyatini «Barselona» va «Real» kuzatib borayotgandi. Biroq madridliklar o‘zlarining bevosita raqobatchilarini kuchaytirishni istashmayapti. Bundan tashqari, futbolchiga «PSJ» ham qiziqish bildirgan edi.

Xabar qilinishicha, aynan Alvares ushbu transfer oynasida «Arsenal» uchun hujum chizig‘ini kuchaytirishga asosiy nomzod bo‘lib turibdi.

Eslatib o‘tamiz, 2024 yilning yozida «Atletiko» 26 yoshli argentinalikni «Manchester Siti»dan 75 million yevroga sotib olgan edi. 2025/2026 yilgi mavsumda hujumchi barcha musobaqalarda 49 ta o‘yinda maydonga tushib, 20 ta gol urdi va 9 ta golli uzatmaga mualliflik qildi.

Manba: Stadion.uz