Portugaliya terma jamoasi va Saudiya Arabistonining «An-Nasr» klubi hujumchisi Krishtianu Ronaldu klubning transfer siyosatiga ko‘proq ta’sir ko‘rsatish niyatida. Bu haqda Sports.kz 365Scores Arabic ma’lumotlariga tayanib xabar berdi.

Manbaga ko‘ra, portugaliyalik futbolchi «An-Nasr» rahbariyatidan transfer bozorida tashqi tuzilmalar aralashuvisiz mustaqil ish olib borishni so‘ragan. Ronaldu jamoani shakllantirishga oid barcha qarorlar bevosita klubning sport departamenti tomonidan qabul qilinishini istamoqda.

Shu tariqa, 41 yoshli hujumchi «An-Nasr»ning ichki musobaqalar va Osiyo turnirlarida muntazam sovrinlar uchun kurasha oladigan uzoq muddatli loyihani shakllantirishiga hissa qo‘shmoqchi.

Saudiya klubining asosiy transfer maqsadlaridan biri hamon «Manchester Yunayted» sardori Brunu Fernandesh bo‘lib qolmoqda. Xabar qilinishicha, «An-Nasr» Portugaliya terma jamoasi yarim himoyachisini o‘z safiga qo‘shib olish uchun so‘nggi urinishni amalga oshirish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda.

Rasmiy muzokaralar boshlanishidan oldin klub Fernandeshning moliyaviy talablarini o‘rganmoqchi. Ronaldu esa terma jamoadagi sherigini Ar-Riyodga ko‘chib o‘tishga shaxsan ko‘ndirishga tayyor. Avvalroq Brunu Fernandesh bir necha bor Saudiya Arabistoniga o‘tishi mumkinligi haqida xabarlar tarqalgan, ammo u Yevropa futbolida qolishni afzal ko‘rgan edi.

Shuningdek, «An-Nasr» yozgi transfer oynasida yangi futbolchilarni ro‘yxatdan o‘tkazish uchun zarur bo‘lgan moliyaviy samaradorlik sertifikatini oldi. Qolgan cheklovlar to‘liq bekor qilingach, klub yangi shartnomalar tuzish va amaldagi kelishuvlarni uzaytirish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Al-Riyadiyah ma’lumotlariga ko‘ra, «An-Nasr»ning Saudiya Arabistoni Sport vazirligi va mahalliy liga oldida muddati o‘tgan qarzdorligi mavjud emas. Shuningdek, klub davlat tomonidan ajratilgan moliyaviy mablag‘ni ham qabul qilgan bo‘lib, uning bir qismi yulduz futbolchilarni xarid qilishga yo‘naltirilishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, Krishtianu Ronaldu JCH-2026da beshta uchrashuvda ishtirok etib, uchta gol urdi. U jahon chempionatlari tarixida olti mundialda gol urgan ilk futbolchiga aylandi va mundiallardagi umumiy gollari sonini 11 taga yetkazdi.

Brunu Fernandesh ham Portugaliya terma jamoasining barcha beshta uchrashuvida maydonga tushib, bitta golli uzatma amalga oshirdi. Portugaliya 1/8 finalda keyinchalik chempionlikni qo‘lga kiritgan Ispaniyaga 0:1 hisobida mag‘lub bo‘lib, musobaqa bilan xayrlashgan edi.

Manba: Stadion.uz