«Manchester Yunayted» va Portugaliya terma jamoasidagi Krishtianu Ronalduning sobiq jamoadoshi Luish Nani Saudiyaning «An-Nasr» klubi yulduz hujumchisi haqida o‘z fikrlarini bildirdi.

Nani 41 yoshli portugaliyalikning 2026 yilgi jahon chempionatidagi muvaffaqiyatsiz ishtiroki haqida gapirar ekan, Ronalduga tanqidiy baho bermasdan, shunchaki uning o‘yinidan zavq olishga chaqirdi.

«Menimcha, uning nomi eng buyuk futbolchilar qatoridan joy oladi. U deyarli mumkin bo‘lgan rekordlarning barchasini yangiladi, eng jiddiy rekordlar aynan unga tegishli. Biz unga qoyil qolishimiz va olqishlashda davom etishimiz kerak, chunki uning faoliyati nihoyasiga yetib borayotganini ko‘rib turibmiz», — deya Nanining so‘zlarini keltiradi ESPN Brasil.

Jahon chempionatida Ronaldu beshta o‘yinda maydonga tushib, o‘z hisobiga uchta gol yozdirib qo‘ydi. Portugaliya terma jamoasi 1/8 finalda Ispaniyaga imkoniyatni boy berib, musobaqani tark etdi.

Manba: Stadion.uz