Shotlandiyaning «Seltik» va Italiyaning «Milan» klublari o‘rtasidagi o‘rtoqlik uchrashuvi yakunlandi. Glazgodagi «Seltik Park» stadionida bo‘lib o‘tgan bahs 2:2 hisobidagi durang bilan tugadi.

Hisobni 11-daqiqada «Seltik» hujumchisi Kamilo Duran ochdi. Oradan 16 daqiqa o‘tib, yarim himoyachi Jeyms Forrest shotlandiyaliklarning ustunligini ikki to‘pga yetkazdi.

Ikkinchi bo‘lim boshida «Milan» hisobni qisqartirishga muvaffaq bo‘ldi. 47-daqiqada Franchesko Kamarda penaltini aniq amalga oshirdi. Olti daqiqadan keyin esa u dubl qayd etib, o‘yinga tenglikni olib keldi — 2:2.

Eslatib o‘tamiz, «Seltik» 2025/2026 yilgi Shotlandiya Premyer-ligasi mavsumini uchinchi o‘rinda yakunlagan bo‘lsa, «Milan» Italiya A seriyasida 38 ta uchrashuvda 70 ochko jamg‘arib, beshinchi pog‘onadan joy olgan.

O‘rtoqlik uchrashuvi
25 iyul 2026 yil
«Seltik» (Shotlandiya) — «Milan» (Italiya) — 2:2
Gollar: 1:0 — Kamilo Duran, 11-daqiqa; 2:0 — Jeyms Forrest, 27; 2:1 — Franchesko Kamarda (penalti), 47; 2:2 — Franchesko Kamarda, 53.

Manba: Stadion.uz