O‘zbekiston futbol assosiasiyasi Futbolchilar maqomi va o‘tishi bo‘yicha qo‘mitasi qaroriga asosan, «Navbahor» hamda BuxDU futbol klublariga nisbatan transfer taqiqi qo‘llanildi.

Ma’lum qilinishicha, mazkur klublar qo‘mita tomonidan avval qabul qilingan qarorlarda belgilangan muddatlarda futbolchilar va boshqa klublar oldidagi moliyaviy majburiyatlarini bajarmagan.

Shu munosabat bilan, O‘zbekiston futbol assosiasiyasining Futbolchilar maqomi va transferi to‘g‘risidagi reglamentining 12bis-moddasi talablariga muvofiq, har ikki klubga ketma-ket ikki ro‘yxatdan o‘tkazish davri mobaynida milliy va xalqaro miqyosda yangi futbolchilarni O‘zbekiston Professional futbol ligasida ro‘yxatdan o‘tkazish taqiqlandi.

Futbolchilar maqomi va o‘tishi bo‘yicha qo‘mita klublarni qabul qilingan qarorlarni to‘liq bajarishga chaqirdi. Shuningdek, moliyaviy majburiyatlar belgilangan tartibda ado etilmagan taqdirda, ularga nisbatan yanada og‘irroq intizomiy sanksiyalar qo‘llanilishi mumkinligi haqida ogohlantirildi.

Manba: Stadion.uz