«Yuventus» bosh murabbiyi Luchano Spalletti o‘rtoqlik o‘yinida Belgiyaning «Standard» klubi ustidan qozonilgan g‘alabaga munosabat bildirdi. Lyej shahrida kechgan uchrashuv 1:0 hisobida turinliklar foydasiga hal bo‘ldi, yagona golni ikkinchi bo‘limda Fabio Miretti kiritdi.

«O‘yinimizdan qoniqdim, ammo hali yaxshilashimiz kerak bo‘lgan jihatlar bor. Juda sekin o‘tgan birinchi 45 daqiqalikdan so‘ng, ikkinchi bo‘limda o‘yin nazoratini o‘z qo‘limizga oldik, himoya chizig‘imiz esa yaxshi harakat qildi. Endi Jahon chempionatida ishtirok etgan futbolchilarning qaytishini kutmoqdamiz», — deya murabbiyning so‘zlarini keltiradi LineaJuve24.

Shuningdek, Spalletti mavsumoldi tayyorgarlik jarayonida o‘zlarini ko‘rsatish imkoniyatiga ega bo‘layotgan yosh futbolchilarning o‘yiniga ham baho berdi.

«Yosh o‘yinchilarga maydonda vaqt berish kerak. Qolgani esa ularning eng yuqori darajada talab qilinadigan mahoratni ko‘rsata olishiga bog‘liq», — deya ta’kidladi mutaxassis.

«Standard» ustidan qozonilgan ushbu g‘alaba «Yuventus» uchun mavsumlararo tanaffusdagi birinchisi bo‘ldi. Bundan oldin turinliklar «Bazel» bilan durang o‘ynashgan edi (0:0).

Manba: Stadion.uz