Norvegiyaning «Budyo-Glimt» klubi hujumchisi Kasper Xyog yaqin 24 soat ichida «Seltik»ga o‘tish oldidan tibbiy ko‘rikdan o‘tishi kerak. Bu haqda «Milan» bilan o‘rtoqlik o‘yinidan (2:2) so‘ng Shotlandiya klubi bosh murabbiyi Martin O'Nil ma’lum qildi.
BBC ma’lumotlariga ko‘ra, «Seltik» Norvegiya klubi bilan 25 yoshli forvardning transferi bo‘yicha 12,7 million yevroga kelishib olgan, bu esa Shotlandiya chempioni tarixidagi rekord kelishuvga aylanishi mumkin.
«Umid qilamanki, bu transfer amalga oshadi. Menimcha, imkoniyatlar juda yuqori. Ammo barcha hujjatlarga uzil-kesil imzo chekilmagunicha, ba’zi masalalar ochiq qolishi mumkin. Shunga qaramay, jarayon aniq oldinga siljimoqda», — dedi O'Nil.
O‘tgan mavsumda Xyog «Budyo-Glimt»ning asosiy futbolchilaridan biriga aylandi va jamoa bilan Chempionlar ligasining 1/8 finaligacha yetib bordi. Hujumchi Daniya terma jamoasi safida 4 ta o‘yin o‘tkazgan.
Manba: Stadion.uz
Fikrlar 0