«Tottenxem» bosh murabbiyi Roberto De Dzerbi klubda qolishni istamaydigan va jamoa sharafini himoya qilishdan faxrlanmaydigan futbolchilar uni tark etishi kerakligini aytdi.

Italiyalik mutaxassisning ushbu so‘zlari yarim himoyachi Lukas Bergvall atrofidagi noaniqliklar fonida yangradi. Shvesiyalik futbolchi «Tottenxem»ning mavsumoldi tur tarkibidan joy olgan, ammo jamoadan ketish variantini ko‘rib chiqishi mumkin.

«Men «Tottenxem»ga kelgan ilk kunimdayoq o‘z pozisiyamni aniq belgilab olganman. Bu yerda bo‘lishni istamaydigan, ushbu klubda o‘ynashdan baxtiyor va faxrda bo‘lmagan har bir kishi ketishi kerak», — deya murabbiyning so‘zlarini keltiradi ESPN.

Shu bilan birga, murabbiy Bergvallning kelajagini hali u bilan shaxsan muhokama qilmaganini ta’kidladi.

«Men hali Lukas bilan gaplashganim yo‘q. Yaqin kunlarda buni amalga oshiraman va biz klub uchun, u uchun, men uchun va barchamiz uchun eng yaxshi yechimni topamiz. Hech qanday nizosiz. Lukas — juda va juda katta talant», — deya qo‘shimcha qildi mutaxassis.

Avvalroq «shporlar» ushbu o‘yinchi bo‘yicha «Nottingem Forest» va «Nyukasl»dan tushgan takliflarni rad etishgan edi.

Manba: Stadion.uz