Fransiya terma jamoasining sobiq futbolchisi Emmanyuel Peti «Real» bosh murabbiyi Joze Mourinyuga jamoa sardorligini Jud Bellingemga topshirishni tavsiya qildi.

Fransiyalik sobiq yarim himoyachi angliyalik futbolchining JCH-2026dagi o‘yini va maydonda ham, maydon tashqarisida ham namoyon etgan yetakchilik fazilatlaridan katta taassurot olganini ta’kidladi. Petining fikricha, Bellingem Kilian Mbappe bilan birga kelasi mavsumda «Real»ni yangi sovrinlar sari yetaklay oladi.

«Men maydonda aynan shunday Bellingemni ko‘rishni istayman. U sherdek harakat qildi va maydonda ham, uning tashqarisida ham haqiqiy yetakchilikni namoyon etdi. U juda katta bosim ostida o‘ynadi. Bir necha oy avval ayrimlar uning Angliya terma jamoasi bilan jahon chempionatiga borishga munosibligiga ham shubha qilganini unutmang. Shuning uchun u o‘zini isbotlashi kerak edi. Agar men “Real” muxlisi bo‘lganimda, Bellingem va Mbappega: “Biz sizlardan aynan shunday darajadagi o‘yinni kutamiz”, derdim», — dedi Peti.

Eslatib o‘tamiz, Emmanyuel Peti faoliyati davomida «Monako», «Arsenal», «Barselona» va «Chelsi» klublari safida to‘p surgan. U 1998 yil Fransiya terma jamoasi bilan jahon chempioni bo‘lgan.

Manba: Stadion.uz