Londonning «Arsenal» klubi «Benfika» va Norvegiya terma jamoasi vingeri Andreas Shelderupga qiziqish bildirmoqda. Bu haqda jurnalist va insayder Ekrem Konur ijtimoiy tarmoqda xabar berdi.

Biroq londonliklar norvegiyalik futbolchi uchun yagona da’vogar emas. «Tottenxem Xotspur» va «Roma» klublari ham Shelderup atrofidagi vaziyatni diqqat bilan kuzatib borishmoqda hamda yozgi transfer oynasi yopilgunga qadar uni o‘z safiga qo‘shib olishga harakat qilib ko‘rishlari mumkin.

«Benfika» esa o‘z futbolchisi bilan xayrlashishga shoshilmayapti, chunki vingerning shartnomasida 100 million yevro miqdorida tovon puli ko‘rsatilgan. Bu esa Portugaliya klubiga muzokaralarda ustunlik beradi. O‘tgan mavsumda Shelderup klub miqyosida 43 ta o‘yinda maydonga tushib, 10 ta gol urdi va 7 ta golli uzatmaga mualliflik qildi.

Manba: Stadion.uz