«Xetafe» forvardi Borxa Mayoral o‘z vaqtida ijara huquqi asosida o‘ynagan «Roma» klubida Joze Mourinyo bilan birga ishlagan davrlari haqida gapirib berdi.
— Mourinyoda sizga eng ko‘p va eng kam yoqqan jihatlar qaysilar edi?
— Birinchi navbatda, mashg‘ulotlar. ular juda shiddatli, raqobatga boy va juda qiziqarli o‘tardi. Mening holatim juda ideal bo‘lmasa-da, uning qo‘l ostida shug‘ullanish menga juda yoqardi.
Vaqt o‘tishi bilan u meni hayratda qoldirdi. O‘zaro suhbatlarimiz va ayrim o‘yinlar oldidan aytgan gaplaridan mening mehnatimni qadrlashini his qilardim. Yodimda, bir kuni u menga anchadan beri asosiy tarkibda maydonga tushishga munosibligimni aytgandi. Matbuot anjumanida ham men haqimda juda yaxshi fikrlarni bildirgan. Men aynan mana shu lahzalarni eslashni xush ko‘raman.
U futbolchilar bilan juda yaqin edi. Gonsalo Vilyar, Karles Peres va boshqa ispaniyaliklar bilan «Real»dagi faoliyati haqida ko‘p gaplashardi. Men hamisha qiziquvchan bo‘lganim uchun vaziyatdan foydalanib, unga o‘sha davr haqida juda ko‘p savollar berardim.
Menga eng kam yoqqan narsami? Ehtimol, uning mag‘lubiyatni umuman tan ola bilmasligidir. Mag‘lubiyatdan so‘ng kiyintirish xonasida tez-tez menga yoqmaydigan gaplarni aytardi. Faqat menga emas, boshqa jamoadoshlarim sha’niga ham.
Men uning juda kuchli raqobatchi ekanini, ehtirosga berilib hammamiz ham noo‘rin gapirib yuborishimiz mumkinligini tushunaman, ammo insonlarga bo‘lgan hurmat hamisha hamma narsadan ustun turishi kerak deb hisoblayman, — dedi Mayoral.
Manba: Stadion.uz
Fikrlar 0