«Kristal Pelas» klubi «Korintians» yarim himoyachisi Andreni o‘z safiga qo‘shib olish uchun «Yuventus» bilan kurashga kirishdi. Premyer-liga skautlari braziliyalik yosh iqtidorning klubidagi oxirgi o‘yinini bevosita maydondan kuzatishdi.
ESPN Brazil nashrining xabar berishicha, «Kristal Pelas» vakillari payshanba kuni «Neo Kimika Arena»da bo‘lib, «Korintians»ning «Remo» ustidan 3:0 hisobida erishgan g‘alabasida 20 yoshli futbolchining harakatlarini kuzatib borishgan.
Andre Yuri Alberto tomonidan kiritilgan birinchi golga assistentlik qilib, ajoyib taassurot qoldirdi va klubning eng iqtidorli yosh futbolchilaridan biri ekanini yana bir bor isbotladi.
Qiziqish ortib borayotganiga qaramay, «Korintians» hozircha yarim himoyachi bo‘yicha rasmiy taklif olgani yo‘q.
«Yuventus» Andrega da’vogarlik qilayotgan asosiy klublardan biri bo‘lib turibdi. Xabarlarga ko‘ra, turinliklar futbolchining transfer huquqlarining 80 foizi uchun 18 million yevro va yana 4 million yevro bonus ko‘rinishidagi taklifni ko‘rib chiqishmoqda.
Ehtimoliy bitimning tuzilishi futbolchining transfer huquqlari taqsimoti sababli murakkablashishi kutilmoqda.
Hozirda Andre o‘z transfer huquqlarining 30 foiziga egalik qiladi, qolgan 70 foizi esa «Korintians»ga tegishli. Tarqalgan xabarlarga ko‘ra, taklif qilinayotgan kelishuvga binoan yarim himoyachi o‘z ulushining 10 foizini klubga o‘tkazib, o‘zida 20 foizini saqlab qoladi.
Braziliya klubi shu yilning boshida Andreni «Milan»ga sotishga juda yaqin kelgan edi, biroq klub prezidenti Osmar Stabile so‘nggi pallada transferni to‘xtatib qolgan.
Andrening «Korintians» bilan amaldagi shartnomasi 2029 yilning dekabrigacha mo‘ljallangan.
Manba: Stadion.uz
Fikrlar 0