«Barselona» shu yozda Ronald Arauxo jamoani tark etgan taqdirda, Jyul Kundeni markaziy himoyaga o‘tkazish variantini asosiy yechim sifatida ko‘rib chiqmoqda.

MD nashri xabariga ko‘ra, Kataloniya giganti Arauxoning kelajagi borasidagi noaniqliklarga qaramay, yangi markaziy himoyachi qidirmayapti. Buning o‘rniga, bosh murabbiy Xansi Flik zarur hollarda Kundeni o‘zining asliy pozisiyasiga qaytarishga tayyor.

Fransiyalik futbolchi 2022 yilda «Barselona»ga o‘tguniga qadar «Sevilya»da himoya markazida o‘ynab, La Liganing eng kuchli himoyachilaridan biri sifatida e’tirof etilgan edi. Flik qo‘l ostida u asosan o‘ng qanot himoyachisi sifatida harakat qilgan bo‘lsa-da, klub rahbariyati u vaziyat talab etsa, yana markazga muammosiz qaytishiga ishonmoqda.

«Barselona», shuningdek, Erik Garsiyaning o‘ng qanot himoyasida o‘ynay olishidan xotirjam, qolaversa, yosh futbolchilar Ektor Fort va Xavi Espart ham bu pozisiyada qo‘shimcha variant hisoblanadi. Markaziy himoyada esa Pau Kubarsi, Andreas Kristensen, Jerar Martin va akademiya tarbiyalanuvchisi Alvaro Kortes xizmatidan foydalanish mumkin.

Hozircha «Barselona» yangi himoyachi uchun transfer bozoriga chiqishni rejalashtirmayapti va Arauxo ketgan taqdirda ham muammoni ichki imkoniyatlar evaziga hal qilishni afzal ko‘rmoqda.

Manba: Stadion.uz