«Real Madrid» «RB Leypsig» vingeri Yan Diomande transferi bo‘yicha muhim qadamni tashladi. Transferlar bo‘yicha ekspert Fabrisio Romanoning xabar berishicha, Ispaniya giganti futbolchi bilan shaxsiy shartnoma shartlari bo‘yicha to‘liq og‘zaki kelishuvga erishdi.

Kot-d’Ivuar terma jamoasining 19 yoshli a’zosi «Real Madrid»ning taklifini qabul qilgan va 2031 yilgacha mo‘ljallangan 5 yillik shartnoma imzolashga tayyor. Diomande avvalroq «PSJ» bilan ham shaxsiy shartnomani kelishib olgan edi, biroq endilikda u «qirollik klubi» taklifiga rozilik berdi.

«Real Madrid»ning 90 million yevro va qo‘shimcha 10 million yevro bonus ko‘rinishidagi ilk taklifi rad etilgach, klub «RB Leypsig»ga yaxshilangan taklif bilan qaytishi kutilmoqda. Xabarlarga ko‘ra, Bundesliga klubi yosh iqtidorni bonuslar bilan birga taxminan 115–120 million yevroga baholamoqda.

«Real» ustunlikni o‘z qo‘liga olgan bo‘lsa-da, «PSJ» ham kurashdan chekingani yo‘q. Fransiya chempionlari futbolchining vakillari bilan qayta aloqaga chiqqan va transfer oynasi yopilgunga qadar uni o‘z safiga qo‘shib olish uchun kurashni davom ettirmoqchi.

Manba: Stadion.uz