Italiya iste’molchilar huquqlarini himoya qilish bo‘yicha Codacons uyushmasi Andrea Pirloning Rossiya bukmekerlik kompaniyasi bilan homiylik hamkorligi yuzasidan tekshiruv boshlash tashabbusi bilan chiqmoqchi. Bu haqda Corriere dello Sport xabar berdi.

Manbaga ko‘ra, ushbu hamkorlik Pirloni Italiya terma jamoasi bosh murabbiyi etib tayinlash maqsadga muvofiqligi borasida bahs-munozaralarga sabab bo‘lgan. Italiya futbol federasiyasi (FIGC)ning yangi prezidenti Gabriele Malago Pirlo nomzodini ko‘rib chiqmoqda, biroq mamlakatda bu borada fikrlar ikkiga bo‘lingan. Shu munosabat bilan Codacons Italiyaning Aloqa masalalari bo‘yicha idorasi (AGCOM)ga rasmiy shikoyat kiritishini ma’lum qildi.

Uyushma bayonotida shunday deyiladi:

«Codacons reklama, qimor o‘yinlari va pul tikish bilan bog‘liq homiylikni taqiqlovchi qonunlar buzilgani yuzasidan tekshiruv boshlash talabi bilan AGCOMga rasmiy shikoyat yuboradi».

Shuningdek, uyushma, agar Italiya futbol federasiyasi Pirloni bosh murabbiy lavozimiga tasdiqlasa, mazkur tayinlovni bekor qilish talabi bilan Ma’muriy sudga da’vo arizasi kiritishini ham ma’lum qildi.

Codacons ta’kidlashicha, amaldagi Italiya qonunchiligiga muvofiq, Pirlo mamlakat futbolida rahbarlik lavozimlarini egallashi mumkin emas. Sababi, u Rossiya bukmekerlik kompaniyasining elchisi sifatida faoliyat yuritmoqda va ijtimoiy tarmoqlar orqali uning reklamasini amalga oshirmoqda. Uyushma fikricha, bu amaldagi huquqiy me’yorlarga zid hisoblanadi.

Agar AGCOM shikoyatni qanoatlantirsa, Pirloga homiylik shartnomasi qiymatining 20 foizi miqdorida jarima solinishi mumkin. Shuningdek, jarima shartnoma ishtirokchilari — buyurtmachi, reklama agentligi va elchining o‘ziga ham qo‘llanilishi ehtimoldan xoli emas.

Manba: Stadion.uz