Madridning “Real” klubi prezidenti Florentino Peres braziliyalik vinger Vinisius Juniorning transfer narxini 160 million yevro etib belgiladi. Bu haqda Sport.es nashri xabar bermoqda.
Xabarga ko‘ra, futbolchining amaldagi shartnomasi 2027-yilning yoziga qadar mo‘ljallanganiga qaramay, Madrid klubi ushbu summadan kam bo‘lgan takliflarni umuman ko‘rib chiqmoqchi emas. Yuborilgan taklif 160 million yevrodan kam bo‘lsa, “qaymoqranglilar” muzokara boshlamaydi. Qayd etilishicha, klub bu narxni belgilashda vingerning sermahsulligi va jamoa g‘alaba qozongan sovrinlardagi hissasini inobatga olgan.
Manba Londonning “Arsenal” klubi Vinisiusga qiziqish bildirayotganini tasdiqlagan, biroq hozircha klublar o‘rtasida o‘zaro aloqa yo‘q. “Kanonirlar” faqatgina futbolchi “Real” bilan shartnomasini uzaytirmasligi aniq bo‘lsagina, faol harakatga tushadi.
O‘z navbatida, The Times nashri xabariga ko‘ra, agar ushbu transfer amalga oshsa, “Arsenal” Vinisiusni jamoaning eng ko‘p maosh oladigan futbolchisiga aylantirishiga to‘g‘ri keladi. Ta’kidlanishicha, hozirda londonliklar tarkibida eng ko‘p daromad topuvchi o‘yinchi Bukayo Saka bo‘lib, uning maoshi soliqlar ushlab qolingunga qadar yiliga 18,2 million yevroni (15,6 million funt) tashkil etadi.
Ma’lumot uchun, Vinisiusning “Real”dagi hozirgi maoshi 14,9 million yevroga teng (soliqlar tashqari). Madridliklar rahbariyati hujumchiga yiliga 20 million yevrodan ko‘proq maosh taklif qilmoqda, biroq futbolchi 30 million yevro maosh olishni xohlamoqda.
Manba: Stadion.uz
Fikrlar 0