«Beshiktosh» bugun qanot hujumchisi Muhammad Salohning transferini rasman e’lon qilishi mumkin. Bu haqda turkiyalik jurnalist Atakan Kurt X ijtimoiy tarmog‘ida ma’lum qildi.
Manbaga ko‘ra, klub misrlik futbolchining familiyasi tushirilgan o‘yin liboslarini tayyorlab bo‘lgan. Shuningdek, transferga oid barcha tashkiliy ishlar ham yakunlangan.
Jurnalistning ta’kidlashicha, Salohning «Beshiktosh»ga o‘tgani bugun rasman e’lon qilinishi kutilmoqda. Shundan so‘ng futbolchini aeroportda tantanali kutib olish va keyinroq «Beshiktosh» stadionida shartnoma imzolash marosimini o‘tkazish rejalashtirilgan.
Avvalroq Turkiya ommaviy axborot vositalari «Beshiktosh» Muhammad Saloh transferi ustida faol ish olib borayotgani va misrlik qanot hujumchisini yozgi transfer oynasidagi asosiy maqsad sifatida ko‘rayotganini bir necha bor xabar qilgan edi. Saloh joriy yozda «Liverpul»ni erkin agent sifatida tark etdi.
Manba: Stadion.uz
Fikrlar 0