Fransiya terma jamoasining sobiq yarim himoyachisi Matyo Valbuena Malta ikkinchi divizionining «Santa-Luchiya» klubi futbolchisiga aylandi. 41 yoshli futbolchi bilan shartnoma imzolanganini Malta jamoasi matbuot xizmati ijtimoiy tarmoqda ma’lum qildi.

Valbuena yangi klubi qarorgohiga yetib keldi va yangi a’zo sifatida taqdimot marosimida ishtirok etdi. Tajribali futbolchi o‘tgan mavsumni Gresiyaning «Olimpiakos» klubi ikkinchi jamoasi tarkibida o‘tkazib, 11 ta o‘yinda uchta gol urdi va to‘rtta golli uzatmaga mualliflik qildi.

Ilgari Valbuena «Marsel», «Dinamo», «Lion» va «Fenerbaxche» kabi klublarda to‘p surgan. Fransiya terma jamoasi safida u 58 ta o‘yin o‘tkazib, sakkizta gol urgan va 20 ta golli uzatmani amalga oshirgan.

Manba: Stadion.uz