«Surxon» futbol klubi o‘z uy uchrashuvlarini o‘tkazish bo‘yicha yuzaga kelgan masalani hal qildi. Bu haqda O‘zbekiston Professional futbol ligasi rasman ma’lum qildi.

Avvalroq, «Surxon arena» stadioni bilan bog‘liq holat Liga tomonidan oshko qilingan edi. Biroq «Surxon» klubi shundan keyin ham raqiblarini qaysi stadionda qabul qilishini Superliga reglamenti talablari asosida o‘z vaqtida hal qilmadi. Buning oqibatida jamoaning «Dinamo» va «Navbahor»ga qarshi uy uchrashuvlari raqiblar maydoniga ko‘chirilgan edi. Shundan so‘nggina klub neytral stadion masalasini ijobiy hal etishga erishdi.

Liga xabariga ko‘ra, endilikda termizliklar o‘z uy uchrashuvlarini Olmaliq shahrida qabul qiladi. Superliganing 17-turidan o‘rin olgan «Surxon» — «So‘g‘diyona» uchrashuvi 13 avgust kuni o‘tkaziladi. Jamoa mazkur bahsdan boshlab o‘z raqiblarini OKMK stadionida qabul qilishni boshlaydi.

Manba: Stadion.uz