Saudiya Arabistonining “Al-Hilol” klubi “Oltin to‘p” sohibi Karim Benzemani yozgi transfer oynasida sotib yuborishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Arriyadiyah nashri xabar bergan.

Manbaga ko‘ra, klub rahbariyati 38 yoshli hujumchiga Saudiya Arabistoni chempionatiga yangi qo‘shilgan jamoalardan biriga o‘tishni taklif qilgan. Biroq Benzema bu g‘oyaga qat’iyan qarshilik bildirgan. Fransiyalik futbolchi shartnomasining so‘nggi yili uchun belgilangan maosh to‘liq to‘lab berilishini, shundan so‘nggina “Al-Hilol”ni tark etishini talab qilmoqda.

Benzema “Al-Hilol”ga fevral oyida o‘tgan edi. U jamoa safida jami 13 ta o‘yin o‘tkazib, 9 ta gol va 5 ta golli uzatmaga mualliflik qilgan. OAV xabarlariga ko‘ra, Benzema jamoaning asosiy tarkib futbolchisi bo‘lishni istamoqda. Biroq “Al-Hilol” futbolchidan faqat Osiyo Chempionlar Ligasi bahslaridagina foydalanishni rejalashtirgan.

Ma’lumot uchun, Karim Benzema faoliyati davomida 5 marta Chempionlar Ligasida, 4 martadan Ispaniya va Fransiya chempionatlarida zafar quchgan. Shuningdek, u Millatlar Ligasi g‘olibi hisoblanadi. 2022-yilda fransiyalik hujumchi “Oltin to‘p” mukofotini qo‘lga kiritgan.

Manba: Stadion.uz