«Lokomotiv» bosh murabbiyi Mirko Yelichich navbatdagi uchrashuvdan keyingi matbuot anjumanida jamoasining o‘yini, tarkibdagi o‘zgarishlar va transferlar haqida fikr bildirdi.

Mutaxassisning ta’kidlashicha, birinchi bo‘limda jamoa o‘z imkoniyatlarini namoyish eta olmagan.

«Ochiq o‘yin bo‘lmadi. Har ikki jamoa ham o‘z futbolini ko‘rsatishga harakat qildi. Birinchi bo‘limni juda yomon o‘tkazdik. Raqib bu vaqt ichida to‘p bilan ham, to‘psiz ham, himoyada ham yaxshi harakat qildi. Ikkinchi bo‘limda esa vaziyatni to‘g‘riladik. Birinchi bo‘limdan keyin tezda ikki gol urganimiz o‘yinni o‘zgartirdi va kayfiyatimiz ko‘tarildi», — dedi Yelichich.

Murabbiy birinchi bo‘limdagi himoyachilar xatolariga ham munosabat bildirdi.

«Bunday xatolar futbolda uchrab turadi. Bugun boshqacharoq taktik tizimda o‘ynadik. Oleg Zoteev bizga yordam bera olmagani uchun uch nafar markaziy himoyachi bilan harakat qildik. Uzoq vaqtdan beri bu sxemada o‘ynamayotgandik. Umuman olganda, himoyachilar yaxshi harakat qilishdi, lekin yengil xatolardan hech kim sug‘urtalanmagan», — dedi u.

Yelichich Muhammadali Reimov va Jasur Yaxshiboyevning tarkibda yo‘qligiga ham izoh berdi.

«Reimovning terma jamoada orttirgan eski jarohati bezovta qilyapti. Uni tavakkalchilikka qo‘ymadik. Jasur Yaxshiboyev ham avvalgi mushak jarohatidan tuzalgan edi, ammo mashg‘ulotlarda yana noqulaylik his qildi. Uni ham to‘liq sog‘aymaguncha xavf ostiga qo‘yishni istamadik», — dedi mutaxassis.

Bosh murabbiy yozgi transferlar oynasi haqida ham to‘xtalib, jamoa yangi futbolchilar izlayotganini aytdi.

«Bizga yangi futbolchilar kerak. Shu bilan birga, yoshlarga ishonch bildirishda davom etamiz. Ular bu darajada o‘ynashga tayyor va tajriba to‘plab bormoqda. Albatta, ayrim pozisiyalarda yana bir nechta futbolchi juda asqotar edi», — dedi Yelichich.

Shuningdek, u Jamshid Saidovning «Qizilqum»ga bosh murabbiy bo‘lib ketishi murabbiylar shtabi uchun yo‘qotish bo‘lganini ta’kidladi.

«Jamshid menga katta yordam berayotgandi. Biz jamoaga katta hissa qo‘shayotgan mutaxassisdan ayrildik. Endi Sadriddin Abdullayevning vazifalari kengaytirildi va u yanada ko‘proq mas’uliyatni zimmasiga oladi», — dedi u.

Nikolay Ivanovning zaxirada qolayotgani haqidagi savolga javoban Yelichich buni futbolchilarning joriy jismoniy holati bilan izohladi.

«Hozir Yovan Nishich yaxshiroq formada. Shuning uchun unga ko‘proq imkoniyat beryapmiz. Nikolay ham muhim futbolchi va keyingi o‘yinlarda vaziyatga qarab ulardan foydalanamiz», — deya yakunladi Mirko Yelichich.

Manba: Stadion.uz