«Gamburg» Fabio Viyeyraning to‘liq transferi bo‘yicha «Arsenal» bilan muzokaralarni davom ettirmoqda, ammo klublar hali yarim himoyachining narxi bo‘yicha kelishib olishgani yo‘q. Sky Sports ma’lumotlariga ko‘ra, londonliklar 26 yoshli portugaliyalik futbolchi uchun 18 million yevro talab qilmoqda.

«Gamburg» summani kamaytirishga umid qilmoqda: Viyeyraning «Arsenal» bilan shartnomasi 2027 yilning yozigacha mo‘ljallangan, shu sababli ingliz klubi transfer oynasi yopilishiga yaqin o‘z talablarini qayta ko‘rib chiqishi mumkin.

Futbolchining o‘zi o‘tgan mavsumda ijara asosida to‘p surgan (31 ta o‘yin, 7 ta gol va 6 ta golli uzatma) Germaniya jamoasiga qaytishga qiziqish bildirmoqda.

«Gamburg»ning rekord darajadagi eng qimmat xaridi Filip Kostich hisoblanadi — 2016 yilda u uchun 14 million yevro to‘langan edi.

Manba: Stadion.uz