Superliganing 14-turidan o‘rin olgan «Andijon» — «Buxoro» (2:0) uchrashuvidan keyingi matbuot anjumanida dastlab mehmonlar ustozi Aleksandr Xomyakov ishtirok etdi.

— Hisobni o‘zgartirish uchun oldinga chiqishga majbur bo‘ldik. Shunda raqibda bo‘sh hududlar va vaziyatlar ko‘paydi. Umuman olganda, kurashlarga boy o‘yin bo‘ldi. Afsuski, hujumda o‘yinimiz chiqmadi. Aslida hisob 0:0 bo‘lganida gol urishimiz mumkin bo‘lgan bitta yaxshi imkoniyat yaratdik. Lekin undan foydalana olmadik. Shu bois hujumdagi rejamiz ishlamadi, qarshi hujumlarga ham samarali chiqa olmadik. Natijada gol o‘tkazib yubordik. Endi faqat «Andijon» jamoasini g‘alaba bilan tabriklash qoldi.

— «Buxoro» jamoasi oxirgi ikki o‘yinda yaxshi taassurot qoldirgandi. Ammo bugun avvalgi uchrashuvlarga nisbatan unchalik yaxshi o‘ynamadi. Bunga nima sabab bo‘ldi?

— Hech narsa bo‘lgani yo‘q. Ayting-chi, biz aynan qayerda yomon o‘ynadik? Raqib jamoa burchak to‘pidan gol urguniga qadar ko‘plab xavfli vaziyatlar yarata oldimi? O‘yin juda murosasiz kechdi. Bunday bahslarda mezbonlarga ham, mehmonlarga ham oson bo‘lmaydi. Shuning uchun jamoamiz yomon o‘ynadi, deb ayta olmayman. Ha, ayrim vaziyatlardan foydalana olmadik, hujumdagi rejamiz to‘liq amalga oshmadi. Ammo, umuman olganda, futbolchilarga hech qanday e’tirozim yo‘q. Ular bor kuchini berdi, astoydil harakat qildi.

— Sobiq klubingiz — «Andijon»ning o‘yini haqida nima deya olasiz? Siz kutganingizdek bo‘ldimi?

— Bu savolni yaxshisi o‘zingizning murabbiyingizga bersangiz yaxshi bo‘lardi. Mening fikrimni so‘rayapsizmi? Hozir nima ham deya olaman? Jamoada malakali futbolchilar jamlangan. Nazarimda, jamoaning byudjeti ham katta.

Manba: Stadion.uz