«Uotford»ning sobiq hujumchisi Troy Dini «Real» vingeri Vinisius Juniorning «Arsenal»ga o‘tishi mumkinligi haqidagi xabarlarga munosabat bildirdi.
«Agar bu transfer amalga oshsa, dunyo miqyosidagi mashhurlik nuqtai nazaridan Premyer-liga uchun ajoyib voqea bo‘ladi. Ammo bu g‘oya menga umuman ma’qul emas. Vinisiusning o‘yin uslubi «Arsenal»ga to‘g‘ri keladi deb o‘ylamayman. Uni xarakteri ham Mikel Arteta talablariga mos tushmaydi. Menimcha, u o‘z injiqliklari va istaklari bilan jamoaga xalaqit beradi.
Uning jamoaga moslashib ketishiga ko‘zim yetmaydi. Arteta jamoaviy o‘yinga tayanadi, bu yerda esa u tamomila yangi muammoga duch keladi. Bir tomonda hamma narsani to‘g‘ri bajaradigan sardor Bukayo Saka tursa-yu, ikkinchi tomondan bu yigitni olib kelib: «Hoy, yigitlar, to‘pni unga oshiringlar» deyish mantiqsiz. Bundan tashqari, unga to‘pni tinimsiz uzatishga majbur bo‘lasiz. Menga bu maqbul emas va bu transfer «Arsenal»ga foyda keltirmaydi», — deydi Dini talkSPORT efirida.
O‘tgan mavsumda Vinisius barcha turnirlarda 53 ta o‘yinda maydonga tushib, 22 ta gol urdi va 14 ta golli uzatmaga mualliflik qildi. Transfermarkt portali ma’lumotiga ko‘ra, futbolchining bozor qiymati 140 million yevroni tashkil etadi.
Manba: Stadion.uz
Fikrlar 0