AQSH Vakillar palatasi a’zosi Jeymi Raskin Xalqaro futbol federasiyasi (FIFA) prezidenti Janni Infantinoga nisbatan surishtiruv ishlarini boshladi. Bu haqda The Guardian nashri xabar bermoqda.
Manba ma’lumotlariga ko‘ra, Raskin jahon futbolining boshqaruv organi bilan AQSH prezidenti Donald Tramp va uning administrasiyasi o‘rtasidagi aloqalarni oshkor qiluvchi hujjatlarni so‘ragan.
Shuningdek, Raskin FIFAning Mayami hamda Nyu-Yorkdagi ofislariga tashrif buyuruvchilar jurnalini tashkilot Nyu-Yorkda shtab-kvartirani ijaraga olgan butun davr bo‘yicha taqdim etishni talab qilgan.
Xatda, shuningdek, AQSH Adliya vazirligining jahon futbolidagi korrupsiya bo‘yicha hukumat surishtiruvlari figurantlariga, jumladan, 2015 yilda FIFAning 20 dan ortiq yuqori lavozimli mutasaddilari va sport marketing rahbarlariga nisbatan ochilgan «ayblov xulosalarini rad etish» haqidagi qarori ham eslatib o‘tilgan.
Matbuot xati yakunida Raskin Infantinodan Vakillar palatasining huquqiy qo‘mitasi uchun intervyu shaklida rasmiy ko‘rgazma berishini so‘ragan.
Futbol bo‘yicha Jahon chempionati 11 iyundan 19 iyulga qadar AQSH, Meksika va Kanadada bo‘lib o‘tdi. Finalda Argentina terma jamoasini 1:0 hisobida mag‘lub etgan Ispaniya terma jamoasi turnir g‘olibiga aylandi.
Manba: Stadion.uz
Fikrlar 0