«Liverpul»ning vengriyalik himoyachisi Milosh Kerkez jamoaning yangi bosh murabbiyi Andoni Iraola qo‘l ostida ishlash haqida o‘z fikrlarini bildirdi.

«Rostini aytsam, Iraolaning tayinlangani haqidagi xabarni eshitib juda xursand bo‘ldim. Men ilgari u bilan birga ishlaganman, u menga juda yordam bergan va uning qo‘l ostida o‘tkazgan ikki yilim davomida o‘yinimni sezilarli darajada yaxshilaganman. Nafaqat o‘zim, balki butun jamoa uchun juda xursand bo‘ldim. Iraola jamoalari qanday futbol o‘ynashini hamma biladi, shuning uchun u bizga ideal darajada mos keladi deb o‘ylayman.

Iraolaning o‘yin uslubi juda intensiv. U yakkama-yakka kurashlardan, yuqori pressing qilishdan qo‘rqmaydi va hamisha oldinga intiladi. Mashg‘ulotdan so‘ng hammamizning qanday ahvolda ekanimizni, qanday yiqilib yotganimizni ko‘rsatuvchi videolarni ko‘rsangiz, u bizni nimaga tayyorlayotganini tushunasiz. U bizdan talab qilayotgan narsalar uchun, shubhasiz, kuchli oyoqlar va ajoyib jismoniy holat kerak, ammo biz buning uddasidan chiqamiz.

Murabbiy qanot himoyachilarining qanotlar bo‘ylab o‘ynashini — hujumga qo‘shilishi va oldinga yugurishlarini ma’qul ko‘radi. «Bornmut»da bu men uchun yaxshi ishlagan edi, shuning uchun bu yerda ham ish beradi deb o‘ylayman. U menga hamisha qanot himoyachisi himoyada qattiq kurashishi kerakligini, darvoza oldida qiladigan barcha narsalaring esa shunchaki bonus ekanini aytardi.

Men hamisha diqqatimni himoyaga, so‘ng vingerlarga yordam berish uchun oldinga o‘tishga qaratganman. Iraola menga o‘z ishingni sifatli bajarganingda, xohlagan narsangni qilishda erkin bo‘lishingni ko‘rsatib qo‘ydi. U bilan o‘zimni haqiqatan ham erkin his qilardim. «Liverpul»da o‘ynash nimani anglatishini bilaman. Menimcha, buni o‘tgan mavsumda ozgina ko‘rsatdim va yaqin kelajakda ham buni davom ettirmoqchiman», — deydi Kerkezning so‘zlarini BBC.

Manba: Stadion.uz