2026 yilgi jahon chempionati yakunlanganidan so‘ng Germaniya 2038 yoki 2042 yilgi mundialni qabul qilish istagini bildirdi. Bu haqda The Athletic nashri xabar bermoqda.

Bu haqdagi bayonotni «Ayntraxt» bosh direktori va Germaniya futbol ittifoqi boshqaruvi a’zosi Aksel Xelmann berdi.

«Biz jahon chempionatiga mezbonlik qilishni juda istardik. Germaniya futbol ittifoqi ham, uning prezidenti Bernd Noyendorf ham 2042 yilgi, balki 2038 yilgi mundialga nomzod qo‘yish istagiga ega. Barchasi FIFA reglamentiga bog‘liq. Germaniyada buning uchun zarur infratuzilma — stadionlar, transport va mehmonxona tarmog‘i mavjud. Har bir uchrashuv anshlag bilan o‘tadi. Bu katta muvaffaqiyat bo‘ladi.

2038 yil uchun ham imkoniyat mavjud, ammo 2042 yilgi mundialni muvaffaqiyatli o‘tkazish bo‘yicha imkoniyatlarimiz juda yuqori ekaniga ishonaman.

Bir narsa aniq: Germaniyada bunday turnirni o‘tkazish uchun kerak bo‘lgan barcha sharoit bor. Yetarli sig‘imga ega stadionlar, mashg‘ulot maydonlari va zarur infratuzilma mavjud. Biroq ayrim stadionlarni zamonaviylashtirish yoki yangilash talab etiladi.

2006 yilgi jahon chempionatidan keyin Germaniya haqidagi tasavvur tubdan o‘zgardi. Ilgari «nemislar juda jiddiy» degan qarash o‘rnini «Germaniya — mehmondo‘st va ajoyib mamlakat» degan fikr egalladi. Bu jahon bozorida ulkan imkoniyatlar yaratdi. O‘sha chempionat biz amalga oshirgan eng muvaffaqiyatli marketing kampaniyasi bo‘lgan. Shuningdek, jamoat transportiga sarmoya kiritdik va bu butun jamiyat uchun uzoq muddatli foyda keltirishi mumkin», — dedi Xelmann.

Eslatib o‘tamiz, 2030 yilgi jahon chempionati Ispaniya, Portugaliya va Marokashda bo‘lib o‘tadi. Shuningdek, musobaqaning ayrim uchrashuvlariga Urugvay, Argentina va Paragvay mezbonlik qiladi. 2034 yilgi mundial esa Saudiya Arabistonida tashkil etiladi.

Manba: Stadion.uz