Tunis futbol federasiyasi Muin Shaabani milliy terma jamoa bosh murabbiyi etib tayinlanganini e’lon qildi. Jamoa matbuot xizmati xabariga ko‘ra, tomonlar 4 yillik shartnoma imzolagan.
45 yoshli mutaxassis Afrika futbolida yangi avlodning eng muvaffaqiyatli murabbiylaridan biri hisoblanadi. Shaabani «Esperans» klubi boshqaruvida 2018 va 2019 yillarda ketma-ket ikki marta Afrika Chempionlar ligasida g‘olib chiqqan, shuningdek, ushbu jamoa bilan uch marta Tunis chempionligini qo‘lga kiritgan.
Murabbiy oxirgi ikki yarim yil davomida Marokashning «RS Berkan» klubida ishladi. Uning qo‘l ostida jamoa o‘z tarixida ilk bor mamlakat chempioni bo‘ldi, 2024/25 yilgi mavsumda esa KAF Konfederasiya kubogini qo‘lga kiritdi. O‘sha mavsum yakunlariga ko‘ra, Shaabani Marokashning eng yaxshi murabbiyi deb tan olingan edi.
Shuningdek, mutaxassis Misrning «Al-Masri» va «Keramika Kleopatra» klublarini ham boshqargan. Endilikda uning oldiga Tunis terma jamoasini Afrikaning yetakchi terma jamoalari qatoriga qaytarish va keyingi jahon chempionati saralashidan muvaffaqiyatli o‘tish vazifasi qo‘yilgan.
Manba: Stadion.uz
Fikrlar 0