«Barselona» bosh murabbiy Xans-Diter Flik talabiga binoan La Liganing yangi mavsumi oldidan yangi hujumchi izlashda davom etmoqda. Bu haqda Sport.es xabar berdi.

Manba ma’lumotiga ko‘ra, «Barselona» sport rahbariyati nemis mutaxassisining talabini bajarish ustida ish olib bormoqda. Qayd etilishicha, «Atletiko» hujumchisi Xulian Alvares asosiy nomzod bo‘lib qolmoqda. Biroq agar argentinalik futbolchining transferi amalga oshmasa, «Bornmut» safida to‘p surayotgan 20 yoshli fransuz hujumchisi Eli Krupi ham muqobil variant sifatida ko‘rib chiqilmoqda.

Alvares o‘tgan klub mavsumida 49 ta o‘yinda maydonga tushib, 20 ta gol va 9 ta golli uzatmaga mualliflik qildi. 2026 yilgi jahon chempionatida esa u Argentina terma jamoasining barcha sakkiz uchrashuvida ishtirok etib, bitta gol urdi. Transfermarkt ma’lumotiga ko‘ra, futbolchining transfer qiymati 120 million yevroni tashkil etadi. Uning «Atletiko» bilan amaldagi shartnomasi 2030 yil yozigacha mo‘ljallangan.

Eli Krupi esa o‘tgan mavsum «Bornmut» safida 35 ta uchrashuvda qatnashib, 13 ta gol urdi. Transfermarkt ma’lumotiga ko‘ra, uning bozor qiymati 70 million yevroga baholanmoqda. Fransiyalik hujumchining klub bilan shartnomasi ham 2030 yil yozigacha amal qiladi.

Manba: Stadion.uz