Braziliya Oliy Sport sudi "Internasional" himoyachisi Viktor Gabriyelni jarohat olgan "Kruzeyro" hujumchisi Gabriyel Pek jarohatidan tuzalib ketgunga qadar o‘yinlardan chetlatdi. Bu haqda The Touchline xabar berdi.

Viktor Gabriyel "Kruzeyro"ga qarshi o‘yinning 58-daqiqasida Gabriyel Pekga qattiq zarba berdi va qoidabuzarlik uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri qizil kartochka oldi. Hujumchining oyoq suyagi singan va operasiya qilingan. Xabar qilinishicha, uning safga qaytishi uchun uch-to‘rt oy kerak bo‘ladi.

Oliy sport sudi jarohatning og‘irligini hisobga olgan holda, bu vaziyatda 6 o‘yinga chetlatishdan iborat standart diskvalifikasiya yetarli emas deb hisobladi. Shu sababli Gabriyelni raqibi safga qaytguncha chetlatish bo‘yicha qaror qabul qilindi.

O‘yin "Kruzeyro"ning 2:1 hisobidagi g‘alabasi bilan yakunlandi.

Manba: Stadion.uz