Fransiya terma jamoasining sobiq hujumchisi David Trezege Zinedin Zidanning milliy terma jamoa bosh murabbiyi sifatidagi faoliyatidan nimalar kutayotgani bilan o‘rtoqlashdi.

«U avvalgiga qaraganda ancha yaxshi tayyorgarlikka ega. «Real»da orttirgan tajribasi uning murabbiy sifatida o‘sishiga juda katta yordam berdi. U yerda matbuot va jamoatchilik bilan doimiy muloqotda bo‘lish kerak va bunga har kuni bardosh berishni o‘rganish talab etiladi. Vaqt o‘tishi bilan u ulg‘aydi, tajriba to‘pladi va bu yaqqol ko‘zga tashlanmoqda. Taqdimotda u tabassum bilan, juda xotirjam gapirdi. U ushbu lavozimga jiddiy shaxsiy tayyorgarlik bilan kelayotgani sezilib turibdi.

Zizu har doim hujumkor futbol tarafdori bo‘lgan. Futbolchilik davrida ham, keyinchalik «Real»da ham u hujum birinchi o‘rinda turadigan muhitda faoliyat yuritgan. Murabbiy sifatida ham uning jamoalari doimo oldinga intilishga harakat qilgan. Bugungi kunda Fransiya terma jamoasi ega bo‘lgan ulkan hujumkor potensialni hisobga olsak, u, shubhasiz, «ko‘klar»ning hujumda yanada erkinroq va ochiqroq o‘ynashini xohlaydi. Ammo u terma jamoada muvozanat evaziga g‘alaba qozonilishini tushunadigan darajada oqilona fikrlaydi — kerakli vaqtda hujum qilish va butun jamoa bo‘lib himoyalanishni ham bilish lozim. Uning ilk bayonoti jamoani hujumkor ambisiyalarga ega qilish niyatida ekanini yaqqol ko‘rsatib turibdi», — dedi Trezege RMC nashriga bergan intervyusida.

Manba: Stadion.uz