Sud-tibbiyot eksperti Karlos Kassinelli Diyego Maradonaning o‘limi bo‘yicha sud jarayonida yangi ko‘rsatma berdi. Bu haqda RMC Sport xabar bermoqda.
Kassinellining so‘zlariga ko‘ra, Maradona vafotidan bir necha kun oldin uning salomatligida bir qator «xavotirli signallar» kuzatilgan. Xususan, argentinalik futbol afsonasining oyoqlari va barmoqlarida shish paydo bo‘lgan, nafas olishi qiyinlashgan, shuningdek, qon bosimi oshishi va taxikardiya belgilari qayd etilgan.
Mutaxassisning ta’kidlashicha, o‘sha paytda hech kim ushbu alomatlarning aniq sababini aniqlashga urinib ko‘rmagan.
Kassinelli Maradona shifoxonadan chiqarilganidan keyin uning ahvoli kamida o‘n kun davomida bosqichma-bosqich yomonlashgan, deb hisoblaydi.
U, shuningdek, tibbiy komissiya Maradonaning o‘lim oldi holati taxminan 12 soat davom etganini baholaganini eslatdi. Biroq mazkur xulosa sud jarayoni davomida bahs-munozaralarga sabab bo‘lmoqda.
Karlos Kassinelli Diyego Maradonaning jasadini yorib ko‘rish jarayonida ham ishtirok etgan. Shuningdek, u 2021 yilda sud qarori bilan tuzilgan tibbiy komissiya tarkibida ishlagan.
Diyego Maradona 2020 yil 25 noyabr kuni 60 yoshida vafot etgan.
Hozirda uning o‘limi bilan bog‘liq ish bo‘yicha yetti nafar tibbiyot xodimi sud oldida javob bermoqda. Ularga 25 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi tahdid solmoqda. Ayblanuvchilar esa Maradonaning o‘limi uchun javobgar ekanini inkor etmoqda.
Manba: Stadion.uz
Fikrlar 0