Romelu Lukakuning «Fenerbaxche»ga o‘tishi rasman tasdiqlandi. 33 yoshli belgiyalik hujumchi «Napoli» va Italiyani tark etib, faoliyatini Turkiyada davom ettiradi.

Klublar o‘rtasidagi kelishuv taxminan 6 million yevro evaziga amalga oshirildi. Bundan tashqari, 2026/27 yilgi mavsumda futbolchining shaxsiy ko‘rsatkichlari va jamoaviy natijalarga qarab yana 1 million yevrogacha bonus to‘lanishi mumkin.

Futbol biznesi va moliyasiga ixtisoslashgan Calcio&Finanza sahifasi transferning «Napoli» hisob-kitoblariga qanday ta’sir qilishini tahlil qildi.

Ma’lumotga ko‘ra, 2026 yil 30 iyun holatiga Lukakuning klub balanslaridagi qoldiq qiymati 6,1 million yevroni tashkil etgan. Bunga «Napoli» hujumchi shartnomasining so‘nggi yili uchun to‘lashi kerak bo‘lgan 6 million yevro sof maoshdan qutulishini ham qo‘shish lozim. Soliqlar bilan hisoblaganda bu summa taxminan 7,8 million yevroga teng.

Shu tariqa, Lukakuning ketishi «Napoli» moliyaviy hisobotlariga jami qariyb 13,8 million yevro ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.

Biroq bu summadan 2,45 million yevro chegirib tashlanadi. Sababi, Lukaku «Chelsi»dan «Napoli»ga o‘tgan paytdagi kelishuvga muvofiq, futbolchining keyingi sotuvidan tushadigan mablag‘ning 40 foizi London klubiga tegishi kerak.

Natijada «Napoli» Lukakuning «Fenerbaxche»ga transferi orqali umumiy hisobda taxminan 11,5 million yevro iqtisod qilishi kutilmoqda.

Manba: Stadion.uz