Eronning “Sepahon” klubi o‘zbekistonlik futbolchi Jaloliddin Masharipovning ro‘yxatdan o‘tkazilishi va o‘tgan mavsumdagi o‘zaro uchrashuvda maydonga tushirilgani yuzasidan “Istiqlol” jamoasi ustidan shikoyat tayyorlamoqda. Futboli nashri xabariga ko‘ra, “Sepahon” rahbariyati dastlab bu masalani Eron futbol federasiyasining Intizom qo‘mitasi orqali hal qilishni ko‘zlagan. Agar klub mahalliy qo‘mitadan o‘zini qoniqtiradigan javobni ololmasa, ish xalqaro sport tashkilotlarga oshirilishi mumkin.
Klubning e’tirozi asosan ikki jiddiy masalaga borib taqaladi. Birinchidan, “Istiqlol” Masharipovni FIFA tomonidan klubga yangi futbolchilarni ro‘yxatdan o‘tkazish taqiqlangan bir davrda qaydnomaga kiritgan. Ikkinchidan, futbolchi mavsum boshida “Istiqlol” qaydnomasidan chiqarilganiga (amaldagi shartnomasi saqlanib qolgan holda) qaramay, qishki transfer oynasi rasman ochilishidan oldin yana jamoa ro‘yxatiga kiritib qo‘yilgan. “Sepahon” vakillarining ta’kidlashicha, Masharipovning vaziyati transfer oynasi yopiq paytda futbolchini qayta ro‘yxatdan o‘tkazishga ruxsat beruvchi maxsus holatlarga to‘g‘ri kelmaydi va ular bu jarayon FIFA'ning qaysi qoidalariga asoslanib amalga oshirilganiga oydinlik kiritishni talab qilmoqda.
Agar ushbu shikoyat o‘rinli deb topilsa va “Istiqlol” qoidabuzarlikka yo‘l qo‘ygani tasdiqlansa, o‘zbekistonlik futbolchining o‘zaro uchrashuvda maydonga tushgani qonuniy jihatdan qayta baholanadi. Natijada o‘yin hisobi bekor qilinib, buning ortidan Eron chempionatidagi umumiy turnir jadvaliga jiddiy o‘zgarishlar kiritilishi ehtimoli mavjud. Manbaning ta’kidlashicha, “Sepahon” rahbariyatining mazkur masalani aynan hozir ko‘tarib chiqayotgani o‘tgan mavsum g‘olibini e’lon qilish va unga chempionlik kubogini topshirish jarayoni yaqinlashgani bilan bevosita bog‘liq.
Manba: Stadion.uz
Fikrlar 0