Afrika futbol konfederasiyasi (CAF) prezidenti Patrik Motsepe bir qator futbol assosiasiyalari tomonidan FIFA rahbari Djanni Infantino sha’niga aytilayotgan tanqidlar yuzasidan o‘z fikrini bildirdi.

Avvalroq FIFA Jahon chempionati huquqlarini xususiy investorlarga sotish uchun FIFA Forward Enterprise (FFE) nomli yangi tijorat tuzilmasini yaratishni rejalashtirayotgani ma’lum bo‘lgan edi. Keyinchalik Infantino futbol konfederasiyalari tomonidan bildirilgan tanqidlar hamda UYEFAga a’zo mamlakatlarning JCHni boykot qilish tahdidi fonida ushbu g‘oyadan voz kechishga qaror qildi. Ba’zi futbol assosiasiyalari 2027 yilning mart oyida bo‘lib o‘tadigan navbatdagi saylovlarda FIFAning amaldagi prezidentini qo‘llab-quvvatlashdan voz kechishga qaror qilishdi.

«Agar kimdadir Djanniga yoki boshqa biror kimga nisbatan e’tirozlari bo‘lsa, jarayonni va FIFA prosedurasini kuzating, hammasi oddiy. Agar uni lavozimidan olmoqchi bo‘lsangiz, saylovga boring va 211 ta assosiasiya bir qarorga kelsin. Buni amalga oshiring va ovoz berish unga ishonish-ishonmasliklarini ko‘rsatib beradi.

Juda ehtiyotkor bo‘lish kerak. Saylov keyingi yili bo‘lib o‘tadi. Biz ushbu jarayonning davom etishiga va FIFAning 211 a’zosi bir qarorga kelishiga imkon berishimiz kerak emasmi? Men turli muammolar haqida juda ko‘p eshitdim va har qanday masalada hukm chiqarishga ehtiyotkorlik bilan yondashaman.

Har bir inson eshitilish huquqiga ega. Keling, eshituv va tegishli forum, surishtiruv, sud, tribunal yoki bu nima bo‘lishidan qat’i nazar, hammasini o‘tkazaylik. Har kim adolatga haqli. To‘g‘rilanishi kerak bo‘lgan ko‘plab muammolar va salbiy holatlar mavjud. Ammo u kechirim so‘radi va balki hamma narsani boshqacharoq qilish kerak bo‘lgandir, deb aytdi.

Tez-tez men g‘alaba qozonishini xohlagan nomzodlar g‘alaba qozonmaydi. Kim g‘alaba qozonsa, men uni qo‘llab-quvvatlashim kerak. Menga dunyo bo‘ylab assosiasiyalardan juda ko‘p qo‘ng‘iroqlar bo‘ladi. Menga birdamlik va hamkorlikka urg‘u berish yoqadi. Oldimizda turgan muammolar fonida futbolni rivojlantirishni qanday davom ettirish mumkin? Ushbu muammolarni hal qilish orqali. Biz ularni hal qilamiz va oldinga harakat qilamiz», — dedi Motsepe.

Manba: Stadion.uz