Jahon chempionati mezbonlari — Qatar (2022) va Marokashni (2030) o‘z ichiga olgan oltita arab milliy futbol assosiasiyasi rahbari FIFA prezidenti Janni Infantinoni qo‘llab-quvvatlashini ma’lum qildi.
Kelasi yili qayta saylanishga umid qilayotgan Infantino ayni damda uchta yirik konfederasiya — UEFA (Evropa), OFK (Osiyo) va KONKAKAF (Shimoliy va Markaziy Amerika) tomonidan qarshilikka uchramoqda. Ushbu tashkilotlar FIFA musobaqalariga, xususan, Jahon chempionatiga xususiy investisiyalarni jalb qilish bo‘yicha bekor qilingan rejasi ortidan uning iste’fosini talab qilib chiqishgan edi.
Asosiy kelishmovchilik shveysariyalik funksionerning Jahon chempionatining tijorat huquqlarini ajratib, uning 20 foizini xususiy investorlarga sotish va bu orqali taxminan 4,2 milliard dollar ishlab topish taklifi bilan bog‘liq. Agar ushbu loyiha amalga oshganida, a’zo assosiasiyalar navbatdagi moliyalashtirish davri uchun 20 million dollardan mablag‘ olishi, kelishuv to‘liq imzolanganda esa bu summa ikki baravarga oshishi ko‘zda tutilgan edi. Biroq e’tirozlar sababli bu taklif qaytarib olindi.
Bunday bosimlar fonida Qatar, Livan, Marokash, Sudan, Misr va Mavritaniya milliy federasiyalari rahbarlari (ularning to‘rt nafari FIFA Kengashi a’zosi hisoblanadi) qo‘shma bayonot bilan chiqishdi:
“Arab futbolining insonlarni birlashtirish hamda arab dunyosidagi futbol assosiasiyalari o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlashdagi muhim rolini e’tirof etgan holda, biz FIFA prezidenti janob Janni Infantinoni to‘liq qo‘llab-quvvatlashimizni bildiramiz. Shuningdek, biz uning yetakchilik salohiyatiga hamda jahon futbolini rivojlantirish yo‘lidagi mehnatlarini qadrlaymiz.
Biz janob Infantinoning futbolni global miqyosda rivojlantirish, barcha hududlarda imkoniyatlarni kengaytirish hamda o‘yinning jamiyatlarni birlashtirishdagi rolini kuchaytirish bo‘yicha olib borayotgan ishlarini yuksak qadrlaymiz. Jahon futboli uchun yanada kuchli va farovon kelajak sari u bilan yaqin hamkorlikni davom ettirishdan umidvormiz”, deyiladi rasmiy bayonotda.
Ma’lumot uchun, 2026-yilning mart oyida bo‘lib o‘tadigan FIFA prezidentligi saylovida ovoz berish huquqiga ega bo‘lgan 211 a’zodan 136 tasini aynan Yevropa, Osiyo hamda Shimoliy va Markaziy Amerika konfederasiyalari tashkil etadi.
Manba: Stadion.uz
Fikrlar 0