Ekvador polisiyasi mashhur futbolchilarning surati tushirilgan narkotik moddalar partiyasini aniqlab, musodara qildi.
CNN ma’lumotiga ko‘ra, taqiqlangan moddalar Kolumbiya chegarasi yaqinida to‘xtatilgan yuk mashinasidan topilgan. Avtomobilning osma qismiga yashirilgan joydan jami 369 kilogramm kokain solingan 370 ta o‘ram aniqlangan.
Ayrim o‘ramlarga «Manchester Siti» hujumchisi Erling Xolandning surati tushirilgan bo‘lsa, boshqa bir qismi Lionel Messi tasviri bilan belgilangan.
Qayd etilishicha, jinoiy guruhlar yuklarni belgilashda ko‘pincha mashhur shaxslarning suratlaridan foydalanadi. Bu orqali narkotik mahsulotni qaysi jinoiy tarmoq ishlab chiqargani va kimga mo‘ljallanganini aniqlashadi.
Narkotiklarga qarshi kurash bo‘yicha polisiya xodimlari shubhali yuk mashinasi haqida anonim xabar kelib tushganidan so‘ng operasiya o‘tkazgan. Narkotik moddalarni tashishda foydalanilgan transport vositasi haydovchisi qo‘lga olingan.
Manba: Stadion.uz
Fikrlar 0