«PSJ» «Ayaks»ning 21 yoshli vingeri Mika Godts uchun taklifini oshirdi. Bu haqda De Telegraaf xabar berdi.
Manbaga ko‘ra, Parij klubi endi futbolchi uchun bonuslarni ham qo‘shib hisoblaganda 50 mln yevrodan ortiq mablag‘ to‘lashga tayyor. Bonuslarni olish shartlari esa amalga oshirilishi oson bo‘lgan bandlardan iborat.
«PSJ» vakillari yangi taklif haqida «Ayaks» rahbariyatiga telefon orqali ma’lum qilgan, ammo hozircha rasmiy taklif yuborilmagan.
Avvalroq «Ayaks» sport direktori Yordi Kroyff parijliklarning 45 mln yevrolik taklifini rad etgan edi. Uning 40 mln yevrosi kafolatlangan mablag‘, yana 5 mln yevrosi esa bonuslar ko‘rinishida taklif qilingan. Amsterdam klubi futbolchi transferidan 60 mln yevro olishni rejalashtirgan.
Qayd etilishicha, hozir har ikki tomon bonuslarni qo‘shib hisoblaganda 55–58 mln yevro atrofidagi summaga kelishuvga erishishni real variant deb hisoblamoqda.
Godtsning o‘zi esa «PSJ» bilan shaxsiy shartnoma borasida kelishib bo‘lgan. Tomonlar 2031 yoki 2032 yil yoziga qadar amal qiladigan shartnoma imzolashni rejalashtirmoqda.
Manba: Stadion.uz
Fikrlar 0