«Manchester Siti» yarim himoyachisi Rodrining kelajagi hali ham noaniqligicha qolmoqda. Ispaniyaning Sport nashri Sky News ma’lumotlariga tayanib xabar berishicha, futbolchi «Barselona»ga o‘tish uchun o‘z klubiga bosim o‘tkazmoqchi emas.

Manbaga ko‘ra, Rodri «Manchester Siti» rahbariyatiga, agar «Barselona» uning transferi uchun talab qilinayotgan mablag‘ni to‘lamasa, jamoada qolishga tayyor ekanini bildirgan.

Bunday holatda ispaniyalik yarim himoyachi amaldagi shartnomasining so‘nggi yilini «Manchester Siti» safida o‘tkazishga rozi. Rodri transfer masalasida «shaharliklar» bilan ziddiyatga borish niyatida emas.

Rodri «Manchester Siti» safida yetti mavsumdan buyon to‘p surib kelmoqda. Shu vaqt ichida u barcha musobaqalar doirasida 298 ta uchrashuvda maydonga tushib, 28 ta gol urgan va 32 ta golli uzatmani amalga oshirgan.

Manba: Stadion.uz