«Manchester Siti» yarim himoyachisi Tijani Reynders yaqin vaqt ichida Saudiya Arabistonining «Al-Qodisiya» klubiga o‘tishi kutilmoqda. Transfer rasman e’lon qilinishidan oldin 28 yoshli futbolchi tibbiy ko‘rikdan o‘tishi kerak.

De Telegraaf ma’lumotiga ko‘ra, Reyndersning «Al-Qodisiya» bilan shartnomasi to‘rt mavsumga mo‘ljallanadi va unda kelishuvni yana bir yilga uzaytirish imkoniyati ham bo‘ladi.

Agar futbolchi shartnomani to‘liq besh yil davomida o‘tkazsa, shu muddat ichida 100 mln yevrodan ortiq mablag‘ ishlab olishi mumkin.

Tijani Reynders «Manchester Siti» safida atigi bir mavsum to‘p surdi. Niderlandiyalik yarim himoyachi ingliz klubi tarkibida barcha musobaqalar doirasida 50 ta rasmiy o‘yinda maydonga tushib, 7 ta gol urdi va 8 ta golli uzatmani amalga oshirdi.

Manba: Stadion.uz