Vodiy derbisi doirasidagi «Andijon» — «Neftchi» uchrashuvidan keyingi matbuot anjumanining ikkinchi qismida mezbonlar bosh murabbiyi Islom Ahmedov ishtirok etdi.
Mutaxassis 0:3 hisobidagi mag‘lubiyat, Usmonali Ismonaliyevning qizil kartochkasi, jamoaning so‘nggi natijalari, yozgi transferlar hamda ayrim futbolchilarning klubni tark etgani haqida fikr bildirdi.
— O‘yin haqida fikringiz?
— Muxlislarimizdan uzr so‘raymiz. Juda alamli mag‘lubiyatga uchradik. Bizni tinimsiz qo‘llab-quvvatlab kelayotgan ishqibozlarimiz oldida juda uyatdamiz.
O‘yinga kelsak, qizil kartochkagacha uchrashuv tizgini bizning nazoratimizda edi. Birgina qizil kartochka barcha rejalarimizni buzib yubordi. Kamchilikni to‘ldirishga ulgurgunimizcha birinchi golni o‘tkazib yubordik.
— Mag‘lubiyatning asosiy sababchisi kim deb o‘ylaysiz?
— Mag‘lubiyatdan keyin baribir murabbiy aybdor bo‘ladi. Qo‘limizdan kelganicha tayyorgarlik ko‘rdik. Birinchi taymda yomon o‘ynamadik. Hujumlarimiz ko‘p bo‘ldi, to‘pni nazorat qildik.
Ikkinchi taym boshidagi kutilmagan qizil kartochka barcha rejalarimizni buzdi. Futbolchimiz bu ishni ataylab qildi, deb ayta olmaymiz. Balki hissiyotga berilib, o‘zini to‘xtata olmagandir.
Futbolchilarimiz professional bo‘lishi va o‘zlarini boshqara bilishi kerak. Qizil kartochka hissiyot ta’sirida yuz berdi. Qolgan vaziyatlarda futbolchilarimiz 100 foiz borini berishdi. Ularni ayblash noto‘g‘ri.
— O‘sha qizil kartochka butun jamoaning o‘yini va tayyorgarligini o‘zgartirib yubordi. So‘nggi uchrashuvlarda qizil kartochkalar ko‘paymoqda. Buning oldini olish uchun jamoada ruhiy tayyorgarlik ham olib boriladimi?
— Futbol baribir hissiyotlarga boy o‘yin. Futbolchilarga tushuntiramiz, gaplashamiz. Lekin ular ham maydonda o‘zlarini boshqara bilishlari kerak. O‘yinchilarimiz ataylab shunday qilyapti, deb o‘ylamayman.
— «Andijon» yozgi tanaffusgacha yaxshi o‘yin ko‘rsatayotgandi. Tanaffusdan keyin 6 ta uchrashuvda atigi 5 ochko to‘plandi. Bu natija murabbiylar shtabini o‘ylantirmayaptimi?
— Albatta, o‘ylantiryapti. Izlanyapmiz, kamchiliklar ustida ishlayapmiz. Hammasini yana bir bor ko‘rib chiqamiz.
O‘yin jihatidan yomon ko‘rinmayapmiz. Ammo hujumlarni yakunlash borasida muammolarimiz bor edi. Shu sababli yangi hujumchi oldik. Bugun ham yaxshi o‘ynayotgandik, lekin qizil kartochkadan keyin vaziyat o‘zgardi.
— Shohmalik Komilov nega o‘yin qaydnomasiga kiritilmadi?
— Qaydnomaga 20 nafar futbolchi kiritiladi. Barcha o‘yinchilarga imkoniyat beramiz, ularni mashg‘ulotlar jarayonida kuzatib boramiz. Har bir chiziq uchun futbolchilarni qoldirishimiz kerak.
Bizda raqobat kuchli. Bu uchrashuvda Shohmalikka dam berishga qaror qildik. U jamoamiz yig‘ini yakunlanayotgan paytda safimizga qo‘shildi. Hali bizning o‘yin uslubimizni to‘liq tushunib yetgani yo‘q. Shu bois unga dam berishga qaror qildik.
— Bu mag‘lubiyatni omadsizlik bilan bog‘laysizmi? Jamoangizda gol urish uchun bir nechta yaxshi vaziyatlar bo‘ldi, ammo darvozabon va himoyachilar to‘pni qaytarib qolishdi...
— Omaddan ko‘ra, taqdir deb o‘ylayman. Harakat qildik. Bugun yutqazish peshonamizga yozilgan ekan.
— Jamoaga qabul qilingan Nodirxon Ne’matxonov ko‘p o‘tmay shartnomasini bekor qilib ketdi. Shuningdek, darvozabon Rustamjonovning ketishiga nima sabab bo‘ldi?
— Nodirxon Ne’matxonovga «Qizilqum»dan ko‘proq o‘yin amaliyotiga ega bo‘lishi bo‘yicha aniq taklif berilgan. Bizda, aytganimizdek, raqobat kuchli. U ham ko‘proq o‘yin amaliyotiga ega bo‘ladigan joyni tanladi.
Rustamjonov bilan esa olti oyga kelishilgan ekan. U «Respublika FA» jamoasiga o‘tdi.
— Yozgi transferlardan ko‘nglingiz to‘ldimi?
— Ochig‘i, ro‘yxatimizda bir qator futbolchilar bor edi. Ularning barchasini ham ola olmadik. Oxirgi kungacha futbolchilar bilan aloqada bo‘ldik, ularni jamoaga jalb qilishga harakat qildik.
Yaxshiki, Rustam Turdimurodovni tarkibga qo‘sha oldik.
— «Neftchi» Izzatillo Po‘latovni «Andijon»ga qo‘yib yuborishga rozi bo‘lgan, ammo «Andijon» bu taklifni rad etgan ekan. Shu holatga to‘xtalib o‘tsangiz.
— Bu masalani rahbariyat hal qiladi. Ayrim sabablarga ko‘ra, transfer amalga oshmadi, — dedi Islom Ahmedov.
Manba: Stadion.uz
Fikrlar 0