«Bobur arena»da o‘tgan Superliga 17-turidan o‘rin olgan «Andijon» — «Neftchi» uchrashuvidan (0:3) keyin farg‘onaliklar bosh murabbiyi Islom Ismoilov matbuot anjumanida ishtirok etdi.
Mutaxassis vodiy derbisidagi g‘alaba, jamoasining taktik rejasi, Usmonali Ismonaliyevning chetlatilishi, futbolchilar orasidagi jarohatlar hamda yosh himoyachi Abdug‘aniyevning o‘yini haqida fikr bildirdi.
— O‘yin haqida fikringiz?
— Birinchi navbatda, ajoyib g‘alaba bilan muxlislarimizni tabriklayman. Ular stadionda ajoyib atmosfera yaratishdi. Xuddi o‘z uyimizda o‘ynagandek bo‘ldik.
O‘yin og‘ir kechishini bilardik. Chunki bu vodiy derbisi, qolaversa, ikkala jamoa ham hujumkor futbol namoyish etadi. Shunga qaramay, g‘alaba qozondik.
Lobanovskiyning bir gapi bor: «Natija qoladi, o‘yin unutiladi». Ba’zida sifatli o‘ynamasangiz ham, natija muhim bo‘ladi.
Uchrashuv oldidan futbolchilarga ko‘rsatma berayotganda, asosan, o‘yin intizomiga e’tibor qaratdik. Bunga sabab bo‘ladigan omillar ko‘p edi. Bahsni yuqori intensivlikda boshlay olmasdik. Shu bois intizom biz uchun muhim edi.
Birinchi bo‘limda «Andijon» tashabbusga ko‘proq ega bo‘lgandir. Biz ularga o‘ynash uchun imkoniyat berdik va bu oldindan ishlab chiqilgan rejamizning bir qismi edi.
Ikkinchi taymda tempni biroz oshirdik va o‘z futbolimizni namoyish eta boshladik. Raqibni xato qilishga majbur qildik.
Himoyadan pas orqali chiqishga harakat qildik, ammo maydon sifati bunga unchalik imkoniyat bermadi. Shu sababli uzun paslarga ko‘proq murojaat qilishga to‘g‘ri keldi. Qisqa paslardan esa asosan raqib jarima maydoni yaqinida foydalanishga harakat qildik.
Birinchi taymda havodagi kurashlardan keyingi ikkinchi to‘plarni ko‘p boy berdik. Tanaffusdan so‘ng esa o‘zimizga xos pressingga qaytishga qaror qildik va shu orqali raqibni ko‘proq xatoga majbur etdik.
Umuman olganda, «Andijon» ham yaxshi o‘yin ko‘rsatdi. Jamoada yaxshi murabbiy ishlayapti. O‘ylaymanki, bu murabbiy bilan «Andijon» hali ko‘plab yutuqlarga erishadi.
— Usmonali Ismonaliyevning qizil kartochka olishi o‘yin natijasiga ta’sir qildimi?
— Bu futbol, har qanday vaziyat yuz berishi mumkin. Balki raqib 11 kishi bo‘lib o‘ynaganida ham golimizni urardik.
O‘sha vaziyatgacha bo‘lgan jarayonga qarasak, ikkinchi taymni hujumkor boshlagandik va aynan shu orqali raqibni xatoga majbur qildik.
Vaziyatga yaqin turgandim. Raqib futbolchisi ataylab qo‘pol o‘ynamadi, ammo qoida hamma uchun bir xil. Qoidalarga ko‘ra, bu 100 foizlik qizil kartochka edi.
Albatta, chetlatish o‘yinga ta’sir qilgan bo‘lishi mumkin. Lekin biz futbolchilarimizga ishondik va oldindan ishlab chiqilgan rejamiz bor edi. Birinchi taymga qaraganda ikkinchi bo‘limda o‘yinimizni baribir kuchaytirmoqchi edik.
— Bungacha asosan himoyada o‘ynagan Muhsin Ubaydullayev bugun yarim himoyada harakat qildi. Bu taktik qarormidi?
— Ha, bu jarohatlar bilan bog‘liq. Jarohat olgan futbolchilarimiz ko‘payib ketdi. Yovan Yokich, Abror Ismoilov, Anvar G‘ofurov safdan chiqdi, bugun esa Ratinyo jarohat oldi.
Bunday vaziyatda jamoani keyingi uchrashuvlarga qanday tayyorlash masalasi paydo bo‘ladi. Asosiy yetakchi futbolchilarimiz birin-ketin safdan chiqmoqda.
Boshqa imkoniyatimiz yo‘q edi. Ikrom Aliboyevni nega zaxirada qoldirdik? Chunki uning uchta sariq kartochkasi bor edi. «Buxoro» bilan bo‘ladigan uchrashuvni ham hisobga olib, uni zaxirada saqlamoqchi edik. Afsuski, u bugun to‘rtinchi sariq kartochkasini oldi va yana bir futbolchimiz keyingi bahsni o‘tkazib yuboradigan bo‘ldi.
Muhsin bu pozisiyada avval ham o‘ynagan. Uni bunga o‘tgan uchrashuvdayoq tayyorlay boshlagandik. «Qizilqum»ga qarshi bahsning so‘nggi 20 daqiqasida aynan «Andijon» bilan o‘yin uchun ayrim o‘zgarishlarni sinab ko‘rdik. Muhsin o‘sha vaziyatda o‘zini oqlagan edi.
— Yosh futbolchi Abdug‘aniyevning o‘yini haqida nima deya olasiz?
— Uning o‘yini kishini quvontiradi. Ayniqsa, turnir jadvalida birinchi o‘rinda borayotgan «Neftchi»dek jamoada bunday yosh futbolchining maydonga tushayotgani uning o‘zi uchun katta yutuq.
Murabbiy sifatida biz ham katta tavakkal qilyapmiz. Shu bilan birga, boshqa imkoniyatimiz ham yo‘q. U hozirgacha bildirilgan ishonchni to‘liq oqlamoqda.
Agar ishlashdan to‘xtamasa, Husanov darajasidagi yuqori saviyali himoyachiga aylanishi mumkin. 18 yoshida Superligada juda ishonchli o‘ynayapti. Bungacha uch-to‘rtta uchrashuvda maydonga tushgan bo‘lsa, birorta jiddiy xatoga yo‘l qo‘ymadi.
— Yozgi transferlar vaqtida «Andijon» «Neftchi» futbolchilari Izzatillo Po‘latov va Asilbek Jumayevga qiziqqandi. Ularning mahoratini oshirish uchun «Andijon»ga berish mumkin emasmidi?
— Po‘latovni berishni istagandik, keyinchalik «Andijon»ning o‘zi bundan voz kechdi.
Asilbek Jumayevga keladigan bo‘lsak, Abror Ismoilov jarohat olganidan keyin bu pozisiyada futbolchini saqlab qolishimiz shart edi.
— Bir qator futbolchilar jarohat sabab safdan chiqmoqda. OCHL Elitda bunday yo‘qotishlar bilan qanday ishtirok etmoqchisizlar?
— O‘zim ham hayronman. Bu masalani murabbiylar shtabi bilan yana muhokama qilamiz. Hozir biror narsa deyish qiyin.
Har bir uchrashuv og‘ir kechmoqda. Agar bunday yo‘qotishlar davom etsa, yosh futbolchilarga ham ko‘proq imkoniyat berishga majbur bo‘lamiz.
Vaziyatdan chiqib ketishga harakat qilyapmiz. Yozgi tanaffusdan keyin uchrashuvlar yanada qiyin kechmoqda. Qayerdadir ochko yo‘qotyapmiz, qayerdadir futbolchilarimiz safdan chiqmoqda.
Umid qilamanki, bu vaziyatdan chiqib ketamiz. Nasib qilsa, OCHL Elit bahslarigacha barcha futbolchilarimiz safga qaytadi, — dedi Islom Ismoilov.
Manba: Stadion.uz
Fikrlar 0