Bugun, 14 avgust kuni futbol bo‘yicha O‘zbekiston Superligasining 17-tur bahslari davom ettiriladi. Kun davomida Namangan, Samarqand va Navoiyda jami uchta uchrashuv bo‘lib o‘tadi. O‘yinlarning boshlanish vaqtlari 19:00, 20:00 va 20:30 etib belgilangan.
Kunning dastlabki bahsi soat 19:00da Namanganda boshlanadi. "Navbahor" o‘z maydonida "Bunyodkor"ni qabul qiladi. Ayni paytda namanganliklar 16 o‘yindan 28 ochko jamg‘arib, turnir jadvalida 5-o‘rinda bormoqda. "Bunyodkor" esa 19 ochko bilan 11-pog‘onada.
Bu jamoalar O‘zbekiston chempionatlari tarixida 41 marta to‘qnash kelgan. Ularning 23 tasida "Bunyodkor", 10 tasida "Navbahor" g‘alaba qozongan, yana 8 bahs durang bilan yakunlangan.
Soat 20:00da Samarqandda "Dinamo" va "Xorazm" o‘zaro bahs olib boradi. Samarqandliklar 21 ochko bilan 9-o‘rinni, urganchliklar esa 19 ochko bilan 12-pog‘onani egallab turibdi.
"Dinamo" o‘tgan turda "Lokomotiv"ga 1:2 hisobida mag‘lub bo‘ldi. "Xorazm" esa "Mash’al"ni 2:0 hisobida yengib, muhim uch ochkoni qo‘lga kiritdi. Jamoalarning joriy mavsumdagi birinchi o‘zaro bahsida "Xorazm" 2:1 hisobida ustun kelgan edi.
Kunning so‘nggi uchrashuvi soat 20:30da "Qizilqum" va "Mash’al" o‘rtasida o‘tkaziladi. Bu bahs turnir jadvalining quyi qismidagi kurash nuqtayi nazaridan alohida ahamiyatga ega. "Qizilqum" 17 ochko bilan 14-o‘rinda, "Mash’al" esa 4 ochko bilan so‘nggi — 16-pog‘onada bormoqda.
Superliga, 17-tur
14 avgust:
19:00. "Navbahor" — "Bunyodkor"
20:00. "Dinamo" — "Xorazm"
20:30. "Qizilqum" — "Mash’al"
17-tur 13 avgust kuni boshlangan edi. Dastlabki uch uchrashuvda "So‘g‘diyona" "Surxon"ni 3:1, "Neftchi" "Andijon"ni 3:0 hisobida mag‘lub etdi, "Buxoro" esa OKMK ustidan 2:0 hisobida g‘alaba qozondi.


Manba: Stadion.uz
Fikrlar 0