"Korintians" Memfis Depay bilan shartnomani uzaytirish bo‘yicha muzokaralarni qayta boshlash imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda. Klub rahbariyatining niderlandiyalik futbolchi bilan xayrlashish qarori muxlislar orasida keskin norozilikka sabab bo‘ldi.
Meu Timão ma’lumotiga ko‘ra, prezident Osmar Stabile qaroridan so‘ng ijtimoiy tarmoqlarda klub rahbariyatiga bosim keskin kuchaygan. "Korintians"ning Depay bilan shartnomani uzaytirmaslik haqidagi posti bir sutka ichida 160 mingdan ortiq izoh to‘plagan va ularning aksariyati qarorga qarshi bo‘lgan.
Vaziyatning moliyaviy tomoni ham klubni xavotirga solmoqda. Depay avval kelishilgan shartlarni klub bir tomonlama bekor qilganini da’vo qilib, o‘z manfaatlarini himoya qilish uchun chora ko‘rishini bildirgan. "Korintians" ehtimoliy huquqiy nizo natijasida 180 mln realgacha — taxminan 35 mln dollar atrofida to‘lov qilish xavfiga duch kelishi mumkin.
Depayning ta’kidlashicha, yangi ikki yillik shartnoma shartlari klub prezidenti, moliya va yuridik bo‘limlar bilan avvaldan kelishilgan edi. Futbolchi hatto kelishuvning o‘z qismiga imzo qo‘ygan, ammo klub rahbariyati yakuniy bosqichda shartnomani rasmiylashtirishdan voz kechgan.
"Korintians" o‘z qarorini moliyaviy barqarorlikni saqlash zarurati bilan izohlagan. Depayning avvalgi shartnomasi 31 iyul kuni yakunlangan. Yangi kelishuv ikki mavsumga mo‘ljallangan bo‘lib, unda futbolchining maoshi va bonuslari kamaytirilishi, shuningdek, klubning unga bo‘lgan 42 mln reallik qarzi qayta tuzilishi ko‘zda tutilgan edi.
Homiylar ham Depayning qolishini istamoqda
Muxlislardan tashqari, "Korintians"ning ayrim tijoriy hamkorlari ham vaziyatdan norozi. Meu Timão'ga ko‘ra, homiylar Depayni klub brendini targ‘ib qilishda muhim figura deb hisoblamoqda. Ezze Seguros klub bilan shartnomani uzaytirish bo‘yicha muzokaralarni sekinlashtirgan, bosh homiy Esportes da Sorte ham futbolchining ketishi bilan bog‘liq vaziyatdan norozi tomonlar qatorida tilga olingan.
Fatal Fans esa Depayni jamoada saqlab qolish uchun "Korintians"ga qo‘shimcha 5 mln real — qariyb 1 mln dollar — ajratish taklifini rasman kiritgan. Bu mablag‘ faqat futbolchining yangi shartnomasi xarajatlarini qoplashga yo‘naltirilishi ko‘zda tutilgan. Natijada kompaniyaning klub bilan homiylik kelishuvi 22 mln realdan 27 mln realga oshishi mumkin.
Qo‘shimcha mablag‘ faqat Depay va "Korintians" yangi kelishuvga erishgan taqdirdagina ajratiladi.
Depay "Korintians"da qanday natija ko‘rsatdi?
32 yoshli Memfis Depay "Korintians"ga 2024 yilda kelib qo‘shilgan. U Braziliya klubi safida 79 ta o‘yinda maydonga tushib, 20 ta gol urdi. Niderlandiyalik hujumchi jamoa bilan 2025 yilgi Braziliya kubogi va 2026 yilgi Braziliya Superkubogini qo‘lga kiritdi.
Hozircha tomonlar o‘rtasida muzokaralar rasman qayta boshlangani yo‘q. Biroq muxlislar bosimi, homiylarning pozisiyasi va ehtimoliy katta miqdordagi sud da’vosi "Korintians" rahbariyatini Depay bo‘yicha avvalgi qarorini qayta ko‘rib chiqishga majbur qilishi mumkin.
Manba: Stadion.uz
Fikrlar 0